Jahon | 23:15 / 26.08.2018
5635
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya va Eron o‘z mudofaasini mustaqkamlash uchun birgalikda ish olib boradi – Asad

Suriya va Eron o‘z mudofaa qobiliyatini mustahkamlash uchun uzoq muddatli rejalar ustida birgalikda ish olib boradi. Bu haqda Suriya prezidenti Bashar Asad ma'lum qildi. Asad Damashqda Eron mudofaa vaziri Amir Hotamiyni qabul qildi. 

Hotamiy Suriyaga 2 kunlik tashrif bilan keldi. Asadning aytishicha, Damashq va Tehron “o‘z siyosatlarini yaqindan muvofiqlashtirib, ikki davlatning dushman kuchlari oldida matonatini mustahkamlash maqsadida hamkorlik rejalarini ishlab chiqadi”.  

Asadning ta'kidlashicha, AQSh Yaqin Sharqda barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan siyosat yurgazmoqda va Suriyadagi ixtilofni terrorchilik tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlash orqali cho‘zmoqda. Uning aytishicha, Damashqqa AQSh tomonidan tajovuzkor tahdidlarning ortib borayotgani Suriya, Eron va ularning ittifoqdoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishni talab qiladi.

Hotamiy tashrifi vaqtida Suriya mudofaa vaziri Ali Ayub bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Ma'lum qilinishicha, Hotamiyning tashrifi davomida davlatlar o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlik haqida kelishuv imzolanadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid