Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent shahridagi ilk gastronomik turizm markazi o‘z faoliyatini boshladi
Toshkentning Uchtepa tumanida yangi sayyohlik obekti o‘z faoliyatini boshladi. “Welcome” oilaviy korxonasi sayyohlarga o‘zbek milliy taomlarini pishirish jarayonlarini “master-klass”, ya'ni mahorat darslari ko‘rinishida taqdim qilmoqda.
Shuningdek, bu yerda xorijlik mehmonlar milliy va dunyo musiqasi hamda qo‘shiqlarini jonli ijroda tinglash imkoniga ega. Bu hali hammasi emas, oilaviy korxona xodimlari “Kelin salom”, “Kuyov sinash” kabi milliy marosimlarimizni ham sahnalashtirilgan holda namoyish qilmoqda. Aytish joiz, shu kungacha bunday gastronomik turizm markazi poytaxtda mavjud emas edi.

Kuni kecha mazkur oilaviy korxona o‘zining ilk mehmonlarini qabul qildi. Ular Ispaniyaning Barselona shahridan kelgan Antonio Arevalo va Gemma Morolardir. Mehmonlar ushbu markazda bo‘lib, o‘zbek milliy qadriyatlari, urf-odatlari hamda milliy oshxonamiz haqidagi ma'lumotlarga ega bo‘lish bilan birga o‘zbekning shoh taomi - palovxonto‘rani tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etishdi.

“O‘zbekistonga kelganimizdan juda xursandmiz. Bizga mamlakatingiz juda yoqdi. Taassurotlarim cheksiz. Sayohatimiz davomida Toshkent, Xiva, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqandga tashrif buyurdik. Har bir hududning o‘ziga xos go‘zalligi va kishini hayratga soluvchi jihatlari bor. Sayohatimiz bizga yangidan yangi bilimlar bilan birga unutilmas taassurotlarni ham taqdim etdi”, - deydi Gemma xonim.

“Welcome” oilaviy korxonasi asoschisi Sharofiddin Husniddinovning aytishicha, uning asosiy maqsadi, butun dunyodan kelayotgan sayyohlarga o‘zbek milliy qadriyatlari, urf-odatlari va o‘zbek xalqining oilaviy madaniyati naqadar boyligini ko‘rsatishdir.
“Turli yurtlardan kelgan sayyohlar bilan muloqotda bo‘lib oilam, farzandlarimning dunyoqarashi kengayadi va O‘zbekistonga sayyohlar qatnovini oshirishga men ham o‘z hissamni qo‘shishni istayman”, - deydi u.
Mavzuga oid
11:45
O‘zbekistonda odamsimon robotlar ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi
08:51
Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga deliniatorlar o‘rnatilmoqda
12:02 / 18.06.2026
“Shovqin va changdan zada bo‘ldik” – portlatish ishlari turizm qishlog‘iga tinchlik bermayapti
09:15 / 18.06.2026