10:27 / 28.08.2018
6365

Qonunchilik palatasida davlat byudjyetining 2018 yil I yarim yilligidagi ijrosi ko‘rib chiqildi

Joriy yilning 27 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2018 yil I yarim yillikdagi ijrosi yakunlarini ko‘rib chiqdilar.

Foto: parliament.gov.uz

Ushbu masala dastavval siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, shuningdek, Qonunchilik palatasi mas'ul qo‘mitasining kengaytirilgan majlislarida muhokamalardan o‘tkazilgan edi.

Majlis avvalida deputatlar prezidentning 2018 yil 22 avgustda qabul qilingan, Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining shakllanishi hamda ijrosi jarayonlarini takomillashtirishga, bunda xalqimizning bevosita ishtirokini ta'minlashga qaratilgan “Byudjyet ma'lumotlarining ochiqligini va byudjyet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga alohida e'tibor qaratib, ushbu hujjat byudjyet ma'lumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirishga, byudjyet mablag‘larining shakllanishi hamda sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta'kidladilar.

Majlisda Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini tubdan rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimiz Prezidenti va Hukumati tomonidan ertangi kun talablariga javob beradigan tizimli islohotlarning yuritilishi iqtisodiyotni yangi asosda tashkil etish, yanada erkinlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifiqatsiya qilish, hududlarning xomashyo va resurs salohiyatidan oqilona foydalanish, faol investitsiya siyosati yuritish hamda biznes muhitini yaxshilashning keng imkoniyatlarini yaratib, 2018 yilning I yarim yilligida makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur'atlarini ta'minlash imkoniyatini yaratgani alohida qayd etildi.

Buning natijasida, joriy yilning I yarmi yakuniga ko‘ra, mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti qariyb 153 trillion so‘mni, bu borada o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, 2017 yilning mos davriga nisbatan sanoat – 6,1 foizga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 2,7 foizga, qurilish – 9,7 foizga, savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar – 1,7 foizga, boshqa xizmatlar sohasi – 5 foizga o‘sishiga erishildi.

Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish hamda soliq-byudjyet siyosati sohasidagi, xususan soliq ma'murchiligini va byudjyetlararo munosabatlarni takomillashtirish, mahalliy byudjyetlar daromad bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 2018 yilning birinchi yarmida Davlat byudjyeti tasdiqlangan parametrlarga muvofiq amalga oshirilib, 144,3 mlrd. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilishi ta'minlangani ta'kidlandi.

Deputatlar davlat byudjyeti daromadlari ijrosiga to‘xtalib, hisobot davrida Davlat byudjyeti daromadlari 33 161,5 mlrd. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47,7 foiz o‘sishiga erishilgani, belgilangan reja 4 863,7 mlrd. so‘mga ortig‘i bilan yoki 117,2 foizga bajarilganini ijobiy baholadilar.

Deputatlar Davlat byudjyetining xarajatlariga ham alohida e'tibor bilan yondashdilar. Bu xarajatlar (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 33 017,2 mlrd. so‘mni tashkil qilgani qayd etildi. Hisobot davrida Davlat byudjyeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgani ta'minlanib, sohaga umumiy xarajatlarning 55,7 foizi miqdorida mablag‘lar sarflangan. Bunda asosiy e'tibor aholining real daromadlarini izchil oshirib borish va ijtimoiy himoya qilish, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san'at va sport sohalarini rivojlantirishga, shahar va qishloq joylarda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashni ta'minlovchi arzon uy-joylar barpo etish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga qaratilgani diqqatga molikdir.

Yig‘ilishda aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, arzonlashtirilgan uy-joylar qurish singari ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan yirik loyihalarni amalga oshirish borasida Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish Davlat byudjyeti ijrosining ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgani alohida e'tirof etildi. Jumladan, ta'lim sohasiga ijtimoiy xarajatlarning 52,2 foizi ajratilgani, sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjyetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 4 178,8 mlrd. so‘mni tashkil etgani shuni ko‘rsatib turibdi.

2018 yilda tez-tibbiy yordamni moliyalashtirish hajmi oshirildi. Hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalarini markazlashgan tarzda dori vositalari va tibbiyotda qo‘llanish uchun mo‘ljallangan buyumlar bilan ta'minlashning yangi tartibi joriy etildi. Onkologiya muassasalarini moliyalashtirish hajmi 2017 yilga nisbatan 1,5 barobarga oshirildi. Bundan tashqari, hisobot davrida qariyalar va nogironlar uchun sanatoriylar hamda internat uylariga – 52,8 mlrd. so‘m, kichik yoshdagi nogiron bolalar uchun internat-uylariga – 18,9, uy sharoitida ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘linmalariga – 18,1, nogironlar reabilitatsiya markazlariga – 12 mlrd. so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirish xarajatlariga Davlat byudjyetidan 1 397,8 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘lar yo‘naltirilgan. Birgina bolalikdan nogironlar uchun to‘lanadigan nafaqalarga Davlat byudjyetidan 511 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgani ushbu sohaga e'tiborning kuchayib borayotganidan dalolatdir.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mahalliy byudjyetlarni shakllantirishda va mablag‘lardan samarali foydalanishda mustaqilligi va mas'uliyatini oshirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida mahalliy byudjyetlarga 1 trln. 715 mlrd. so‘m miqdorida qo‘shimcha mablag‘lar tushirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 6 barobarga ko‘p bo‘lib, ular bevosita mahalliy hokimliklar ixtiyorida qoldirilib, hududlarni rivojlantirishga hamda joylardagi mavjud muammolarni, yechimini kutayotgan masalalarni hal etishga sarflangan.

Shu bilan birga, deputatlar byudjyet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish, ularning noqonuniy ishlatilishi bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar ham mavjudligini ko‘rsatib o‘tdilar. Xususan, hisobot davrida ayrim byudjyet tashkilotlarida mablag‘larning ishlatilishi bilan bog‘liq moliyaviy huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani, ayrim tarmoqlarda to‘lov intizomiga rioya etilmagani oqibatida debitorlik va kreditorlik, ayniqsa, byudjyet oldidagi boqimanda qarzdorlikning yuzaga kelayotgani keskin tanqid qilindi. Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini kuchaytirish, Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan qat'iy parlament nazoratini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, majlisda mamlakat asosiy moliyaviy hujjatining hisobot davridagi ijrosi talabchanlik ruhida, tanqidiy-tahliliy tarzda ko‘rib chiqildi.

Majlis yakunlariga ko‘ra, Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2018 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.

Top