Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Agar meni ko‘rsangiz, ko‘z yoshi to‘king» - Yevropadagi qurg‘oqchilik dahshatli bashoratlarni oshkor qildi
Yevropada davom etayotgan qurg‘oqchilik natijasida, «ochlik toshlari» nomi bilan mashhur bo‘lgan va tarixdagi halokatli tabiiy ofatlardan dalolat beradigan va avlodlarni ularning falokatli oqibatlaridan ogoh qiladigan xarsang toshlar yuzaga chiqib qoldi.
Bu yil yozda Yevropadagi qurg‘oqchilik ko‘plab katta daryolar suvi sathining keskin pasayib ketishiga olib keldi. Natijada, bir necha asrlar davomida suv ostiga yashiringan tarixiy yodgorliklar ommaga ko‘rinib qoldi.
O‘rta asrlarda, Elba daryosi sathining pasayishi kuzgi hosilning yaxshi bo‘lmasligi, natijada, aholi qishda ochlikka duch kelishidan dalolat bergan. Shu tufayli, Germaniya aholisi daryo tubida yotgan katta xarsang toshlar yuzasiga avlodlarni kelgusi falokatlardan voqif etuvchi yozuvlarni o‘yib qoldirishgan. «Ochlik toshlari» daryo suvining sathi pasayganida yuzaga chiqqan va odamlarni falokatning yaqinligidan ogohlantirgan.
Ayni paytda, Chexiyaning Dechin shahridan o‘tuvchi Elba daryosi qirg‘oqlarida ko‘plab shunday toshlarni ko‘rish mumkin.
Elba daryosi qirg‘oqlaridagi eng ko‘hna «ochlik toshlari»dan birining tarixi 1616 yilga borib taqaladi. Unda «Wenn du mich siehst, dann weine», ya'ni, «Agar meni ko‘rsangiz, ko‘z yoshi to‘king» degan yozuvlar bor. Bu Markaziy Yevropadagi eng ko‘hna gidrologiya yodgorligidir.
Yevropaning ko‘plab mamlakatlari aholisi tarix davomida falokatli qurg‘oqchilik va ochlik yillarini boshidan o‘tkazishgan. Chexiya va Germaniyaning turli hududlaridan oqib o‘tuvchi Elba daryosi qirg‘oqlarida 1417, 1616, 1707, 1746, 1790, 1800, 1811, 1830 , 1842, 1868, 1892, 1893, 1900 yillarda yuz bergan qurg‘oqchilik haqidagi xabarlar o‘yib yozilgan «ochlik toshlari»ni ko‘rish mumkin.
Bu toshlarda ismi noma'lum mualliflar qurg‘oqchilik natijasida hosilning past bo‘lishi, qishda oziq-ovqatning yetishmasligi, non narxining oshishi va faqir odamlarning ochlikdan nobud bo‘lishi haqidagi yozuvlarni qoldirishgan.
Qadimgi odamlarning mahzun yozuvlarini tushunish mumkin - o‘sha yillardagi qurg‘oqchilik hosilning pasayishiga va ommaviy ocharchilik natijasida, ko‘plab odamlarning qirilib ketishiga olib kelgan. Shu tufayli, daryo sathining ma'lum bir chegaradan pasayib ketishi dehqonlar va shaharliklarni dahshatga solgan.
«Ochlik toshlari» haqida XIX asr gazetalarida ham maqolalarni uchratish mumkin. Teplitzer Zeitung nashrining 1876 yil 30 avgust kungi sonida quyidagi misralar yozilgan:
«Uzoq davom etgan qurg‘oqchilikdan so‘ng, Elba juda abgor ahvolga kelib qoldi. Bu 1842 yildan beri kuzatilmagan edi - hamma joyda «ochlik toshlari» yuzaga chiqib qoldi, ko‘prik oldida esa suv sathi 1 metrdan oshmayapti».
So‘nggi 250 yil davomida Yevropada yuz bergan qurg‘oqchiliklarni o‘rgangan olimlar 21-asrda yuz bergan bunday tabiiy ofatlar og‘ir bo‘lganini, ammo juda dahshatli va ommaviy bo‘lmaganini aytishmoqda.
Izlanishlar davomida, so‘nggi qurg‘oqchilik holatlari havo haroratining rekord darajada yuqori bo‘layotgani bilan bog‘langan. Bu esa tuproqni «misli ko‘rilmagan darajada» quritib, hosilning nobud bo‘lishiga olib kelgan. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, bu tendensiya ancha xavotirga solmoqda, chunki Yevropa iqlimi borgan sayin isib ketmoqda, yozda esa haroratning yangi rekordlari o‘rnatilyapti.
2018 yil yozida Yevropaning ko‘plab mamlakatlari jazirama, qurg‘oqchilik va yong‘inlardan zarar ko‘rishdi. Hozirgi vaqtda Elba daryosining suv sathi juda pasayib ketgan va xavfli chegaraga yaqinlashgan.
Shimoliy va markaziy Yevropadagi qurg‘oqchilik «yaqin orada yuz bergan eng davomli muttasil qurg‘oqchilik»lardan biridir, deb yozmoqda The Guardian. 2018 yildagi qurg‘oqchilik havo haroratining keskin darajada oshishi bilan birga kelgan.
Mavzuga oid
15:23 / 03.01.2026
Xavfli ob-havo hodisalari bo‘yicha barvaqt ogohlantirish 100 foizga yetkaziladi
20:26 / 24.11.2025
Turkmaniston g‘arbidagi ikkita suv ombori butunlay quridi
18:18 / 17.11.2025
Eron so‘nggi yarim asrdagi eng kuchli qurg‘oqchilik fonida bulutlarni «ekishni» boshladi
19:24 / 19.08.2025