Sport | 22:30 / 29.08.2018
36576
6 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlarida o‘n birinchi kun. O‘zbekiston umumiy reytingda yana yuqoriladi

29 avgust kuni Indoneziyada Osiyo o‘yinlari musobaqalarida o‘zbekistonlik sportchilar yakkalik va jamoa holda 7 sport turi bo‘yicha bahslarda qatnashishdi.

Turnirning o‘n birinchi kuni ham O‘zbekiston delegatsiyasi uchun sermahsul kechdi va o‘zbekistonlik sportchilar jami 7ta medal yutib olishdi.

Dzyudo
O‘zbekiston dzyudo jamoasi jamoasi yetakchisi, -60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Diyorbek O‘rozboyev finalda dzyudo vatani bo‘lmish Yaponiya vakili Toru Shishimeni mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Foto: Anvar Ilyosov

Shu kuni dzyudo bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan yana uch sportchi medallardan quruq qoldi. Diyora Keldiyorova (-52 kg) bronza medali uchun o‘tish jangida shimoliy koreyalik raqibdan mag‘lub bo‘ldi, Shahram Ahadov (-66 kg) hamda Gulnoza Ziyayeva (-52 kg) bronza medali uchun bahslarda yutqazishdi.

Sinxron suzish
Sinxron suzish bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar - A.Morozova, A.Yeltisheva, M.To‘lqinova, D.Onkes, D.Shomirzayeva, X.Toshxo‘jayeva, A.Ro‘zmetova, X.Hakimova, N.Shomaqsudova va N.To‘lqinova texnik mashqlar yakunlariga ko‘ra o‘nta jamoa ichida beshinchi natijani qayd etishdi. Sovrinli o‘rinlar Xitoy, Yaponiya va Shimoliy Koreyaga nasib etdi.

Kurash
Bugun o‘zbekistonlik 4 nafar kurashchi - Dildor Shermetova (-63 kg), Muxlisa Abdumalikova (-63 kg), Sarvar Shomurodov (-81 kg) va Muso Sobirov (-81) Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini o‘tkazishdi. Ulardan faqat Dildor Shermetova finalga qadar yetib keldi va mo‘g‘ulistonlik Bayarbat Basanjargalni yengib, Osiyo o‘yinlari oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

Muso Sobirov chorak finalda ishtirokini to‘xtatdi, Muxlisa Abdumalikova va Sarvar Shomurodov yarim finalda yutqazib, bronza medal bilan kifoyalanishdi.

Velosport, trek
4000 metr masofaga poygada qatnashgan Andrey Izmaylov 4;43.155 natija bilan 14 sportchi orasida 10-o‘rinni egalladi va finalga chiqa olmadi.

Omnium bahslarida qatnashgan Rinata Baymetova skratch yo‘nalishida eng yaxshi natijani qayd etdi, ammo u tempo yo‘nalishida o‘ninchi natijani ko‘rsatdi, Elimination yo‘nalishida ham o‘ninchi natija va yakunda beshinchi o‘rin.

Boks

Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston bokschilari yo‘qotishlarsiz yarim finalga yetib keldi. Bugungi janglarda Hasanboy Do‘smatov (-49 kg), Miraziz Mirzahalilov (-56 kg), Iqboljon Xoldorov (-64 kg) va O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori, -74 kg vazn toifasi vakili Isroil Madrimov o‘z janglarida g‘alaba qozondi. Bungacha Jasur Latipov (-52 kg), Shunqor Abdurasulov (-60 kg) va Bobousmon Baturov (-69 kg) ham yarim final yo‘llanmasini hal qilgandi. Endi bu bokschilar 31 avgust kuni yarim final janglarida ishtirok etishadi.

Baydarka va kanoeda eshkak eshish
Baydarkada eshkak eshish bo‘yicha to‘rtlik bahslarida qatnashgan sportchilarimiz marraga uchinchi bo‘lib yetib borishdi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri finalda qatnashish huquqiga ega bo‘lishdi. Final ertaga o‘tkaziladi.

Baydarkada 1000 metrga suzgan Shohruhbek A'zamov va Shahriyor Mahkamov tandemi o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egalladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri finalda qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Yengil atletika
Ko‘pkurashda ishtirok etgan Osiyo o‘yinlarining amaldagi g‘olibi Yekaterina Voronina 29 avgust kuni 800 m masofaga yugurish va nayza uloqtirish mashqlarini bajardi. U 800 m masofaga birinchi bo‘lib keldi, ammo nayza uloqtirishda beshinchi ko‘rsatkichni qayd etdi. Natijada u umumiy baholarga ko‘ra beshinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Nigina Sharipova 200 metrga yugurish bo‘yicha final bahsida marraga to‘rtinchi bo‘lib yetib bordi va bronza medaldan quruq qoldi.

Uch xatlab sakrash mashqlarida 16,62 m natija ko‘rsatgan Ruslan Qurbonov kumush medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi sportchisi ilk marotaba Osiyo o‘yinlarida erkaklar o‘rtasida uch xatlab sakrash bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritishi bo‘ldi.

Balandlikka sakrash musobaqalarida ikki karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi Svetlana Radzivil 1,96 m balandlikni zabt etdi va Osiyo o‘yinlari rekordini yangilagan holda uchinchi marta Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.

Kumush medal esa boshqa bir o‘zbekistonlik, 1,94 m natijada to‘xtagan Nadiya Dusanovaga nasib etdi.

Ushbu natijalardan keyin O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 45taga yetdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi 12ta oltin, 17ta kumush, 16ta bronza medal jamg‘argan holda umumjamoa hisobida 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid