O‘zbekiston | 11:53 / 05.09.2018
14448
4 daqiqa o‘qiladi

E-ijro auksion orqali yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer ajratish taklif etilmoqda

Foto: Dreamstime

Qonun hujjatlar ta'sirini baholash tizimi portalida yakka tartibdagi qurilish, shuningdek davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini ajratishning yangi qoidalarini tasdiqlash rejalashtirilgan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi joylashtirildi, deb yozadi Norma.

Ayni paytda yer uchastkalarini yakka tartibdagi qurilish uchun berish Vazirlar Mahkamasining 30.12.2006 yildagi 272-son qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi to‘g‘risida nizomga muvofiq amalga oshiriladi. Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini taqdim etish yoki sotish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan taqdirda ushbu tartib o‘zgartiriladi.  

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini ajratish chog‘ida quyidagilardan foydalanish taklif etilmoqda:

• uchastkalarni auksion orqali sotish uchun «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasi;
• yer uchastkalarini berishga doir materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va kelishish chog‘ida «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimi (AAT).
 
Yer uchastkalarini olish huquqiga ega bo‘lgan va uni taqdim etish to‘g‘risida iltimosnoma bergan barcha fuqarolarga yer uchastkalarini ajratishning imkoni bo‘lmaganda «E-IJRO AUKSION»dan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Aniq tumanda (shaharda) joylashgan, yopiq auksionga qo‘yiladigan lotlarning 20%i miqdorida limit ham taklif etildi. Unda faqat shu joyda ro‘yxatdan o‘tkazilgan/doimiy yashovchi yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok eta oladilar.   

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom mavjud normativ bazani to‘ldiradi. Bugungi kunda unga quyidagilar kiradi:

• Vazirlar Mahkamasining 29.05.2006 yildagi «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 97-son qarori;
• Prezidentning 1.08.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5495-son Farmoni, unda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishga yo‘l qo‘yiladigan holatlar belgilangan.

Taklif etilayotgan tartibda nazarda tutilishicha, yer uchastkasini ajratishga doir materiallarni tayyorlash ishlari yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi va yet uchastkasi ajratilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bunda barcha kelishuv tartib-taomillari tuman (shahar) hokimligining vakolatli organlari tomonidan «YERELEKTRON» AAT orqali bajariladi.

Loyihadagi normaga muvofiq, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik to‘g‘risida guvohnoma berish yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri DK filiali tomonidan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni qoplanganidan, shuningdek yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganligi munosabati bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanganidan keyin amalga oshiriladi.

Mavzuga oid