Chilonzor tumanida 714 mlrd so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan
2018 yil 6 sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda hududda umumiy hisobda 4412ta korxona faoliyat yuritmoqda. Birgina 2018 yilda 714 mlrd. so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 96,3 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.
Hozirga qadar o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 117,1 mlrd. so‘mni tashkil qiladi. Jalb etiladigan sarmoyalar asosan Rossiya, Xitoy, Turkiya va Koreya davlatlari ulushiga to‘g‘ri keladi.
Tumanda turar joy fondining salmoqli qismini ko‘p qavatli uylar tashkil etishini hisobga olib, kommunal sohaga oid masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Bunda ko‘p xonadonli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tubdan yaxshilash, bu sohaga tuman byudjyetidan ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli sarflashga urg‘u berildi.
Shuningdek, qo‘shma majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar tartibli o‘tkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida bunday tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risidagi qarorning mazmun-mohiyati, tumanda namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, ortiqcha dabdabalikka, milliy qadriyatlarga zid marosimlarga, nomaqbul odatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritdilar.
Mavzuga oid
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
12:41 / 10.11.2024
Toshkentda litsey o‘qituvchisi o‘quvchini do‘pposladi
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:16 / 31.10.2024