Sport | 18:00 / 07.09.2018
9723
3 daqiqa o‘qiladi

Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida yana beshta medal qo‘lga kiritildi

Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston vakillari to‘rtinchi va beshinchi kungi bahslarda jami 5ta medalni qo‘lga kiritishdi.

6 sentabr kuni o‘zbekistonlik portchilar gulesh (Ozarboyjon kurashi), ashirtmali aba guleshi (Turkiya kurashi) turlari bo‘yicha bahslarga kirishgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy Tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, dunyoning 41 davlatidan 54 nafar sportchi ishtirok etgan ashirtmali aba guleshi (Turkiya kurashi) bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda o‘zbekistonlik Alisher Xudoyberdiyev (-80 kg) oltin, Islom Nosirov mutlaq vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Gulesh bo‘yicha bahslarda Sherali Shodmonov (-80 kg) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston ko‘pkari terma jamoasi yarim finalda turnir favoriti Qozog‘istonni 5:4 hisobida yengib, turnirdan chiqarib yubordi. Endi o‘zbekistonlik uloqchilar finalda Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi kurash olib boradi. Mezbonlar yarim finalda Rossiya nomidan qatnashayotgan Moskva viloyati termasi ustidan 25:3 hisobida g‘alabaga erishgan.

Bugun, 7 sentabr kuni o‘zbekistonlik sportchilar kurash va sambo turlari bo‘yicha ham bahslarga kirishishdi va dastlabki natijalar qayd etildi. Kurash bo‘yicha Muhriddin Tilovov (-66kg) va Temurxon To‘rayev (-81 kg) o‘yinlarning oltin medalini qo‘lga kiritishdi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 26tani tashkil qilmoqda - 3 oltin, 7 kumush va 16 bronza.

Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida mezbonlar yaqqol yetakchilik qilishmoqda. Qirg‘iziston bugunga kelib 30 oltin, 25 kumush va 23 bronza jamg‘argan. Ikkinchi o‘rinda 16 oltin, 9 kumush va 18 bronza bilan Rossiya, uchinchi o‘rinda esa 11 oltin, 17 kumush va 21 bronza bilan Qozog‘iston joylashgan.

Mavzuga oid