O‘zbekiston | 21:56 / 07.09.2018
4628
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Malayziya savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi   

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov Malayziya xalqaro savdo va sanoat vaziri Darell Leiking bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Uchrashuv vaqtida tomonlar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishgan. Uchrashuv davomida Malayziya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, erkin iqtisodiy hududlar, biznesni olib borish uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida batafsil ma'lumot berilgan.

Foto: O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi matbuot xizmati

Darell Leiking ikki davlatning salohiyati kattaligini ta'kidlagan holda qolgan sohalar qatorida kimyo, elektrotexnika, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalarida savdo aloqalari va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish zarurligini aytgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning o‘rta va kichik biznes vakillarining Malayziya onlayn savdo platformasi – Digital Free Trade Zone’da ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilingan. Bu platformada tovar va mahsulotlarni ilgari surish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, logistika masalalari muhokama qilingan. Malayziya tomonidan o‘zbek mahsulotlarini temir yo‘l orqali Xitoygacha va u yerdan dengiz yo‘llari bilan Malayziyaning tegishli portlarigacha yetkazishni tashkillashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilingan. Bu esa ko‘rsatilayotgan logistika xizmatlari narxini kamaytirishga imkon beradi. 

Uchrashuv natijalariga ko‘ra Malayziya ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga 31 oktabrdan 2 noyabrgacha tashrifini tashkillashtirish bo‘yicha kelishuvga kelingan.

Mavzuga oid