Jamiyat | 10:50 / 09.09.2018
8940
4 daqiqa o‘qiladi

Nishon va mirishkorliklar qachon toza ichimlik suvi ichadi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi, deputat Jamshid Pirmatovga Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi bir guruh fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 11 avgustdagi №258-sonli “Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi ta'minlanmayotganligi hamda aholini toza ichimlik suvi hamda oqova suvi bilan ta'minlash masalalari bugungi kungacha o‘z yechimini topmaganligi yuzasidan murojaat qilindi. Bu haqda O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jamshid Pirmatov
Foto: O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmati

Shu munosabat bilan, joriy yilning avgust oyida Qashqadaryo viloyatining Nishon va Mirishkor tumanlarida deputat J.Pirmatov tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida fuqarolar murojaatida ta'kidlanganidek, tumanda aholini toza ichimlik suvi hamda oqova suvi bilan ta'minlash ishlari talabga javob bermasligi aniqlandi.

Mazkur tumanlar aholisi ichimlik suvini uzoq masofadan tashib keltirishi bois suv narxi yoz kunlarida keskin oshib ketmoqda. Bu esa aholining haqli e'tirozlarini keltirib chiqarishi bilan birga aholi iste'molga mutloq yaroqsiz suvni ichishga majbur bo‘lish oqibatida yuqumli (gepatit, brutsellez) kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining deputat J.Pirmatovga bergan ma'lumotlariga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi PQ-3507-sonli qaroriga asosan Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi hisobidan 2018 yilda Qashqadaryo viloyati uchun 26,7 mlrd.so‘m, shundan Nishon va Mirishkor tumanlari uchun 10,9 mlrd.so‘m mablag‘ moliyalashtirilishi rejalashtirilgan. Lekin mazkur mablag‘larning aksariyat (deyarli 90 foizi) qismi “Obod qishloq” dasturi doirasida bo‘lib, faqatgina namunaviy uylarni toza ichimlik suvi bilan ta'minlashga yo‘naltirilmoqda, xolos. 

Yuqoridagi masalalardan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi Jamshid Pirmatov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Achilbay Ramatovga joriy yilning 30 avgust kuni Qashqadaryo viloyatining Nishon hamda Mirishkor tuman aholisini toza ichimlik hamda oqova suvi bilan ta'minlash yuzasidan (“Obod qishloq” hamda namunaviy uylarni toza ichimlik suv bilan ta'minlash dasturidan tashqari) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 11 avgustdagi №258-sonli “Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorini o‘z vaqtida bajarilmaslik sabablari bo‘yicha hamda mazkur muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar haqida 15/1-55-sonli Deputatlik so‘rovi yuborildi.

“Ushbu so‘rovga atroflicha javobni kutib qolamiz va uni partiya rasmiy saytida e'lon qilinishini ma'lum qilamiz”, deyiladi ma'lumotda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid