Bojxona qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan mavzuga munosabat bildirdi
Yaqinda ba'zi axborot manbalarida “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash xalqni sog‘ish hisobigami?” sarlavhali material e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Unda chetda xarid qilingan va xalqaro pochta tizimlari orqali olib kelinayotgan tovarlarni olishda qator muammolarga duch kelinayotganligi qayd etilgan.
Qayd etilishicha, xorijiy davlatdan yuborilgan pochta va kurerlik jo‘natmalari qabul qilinmoqchi bo‘linganida, ushbu jo‘natmalar uchun bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tegishli me'yorlar belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 19 iyuldagi PQ–3873-son qarorida ushbu me'yorlar aniq belgilangan.
Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi Qonuniga binoan, pochta jo‘natmalari - bu manzili ko‘rsatilgan yozma xat-xabarlar, posilkalar va tegishli o‘rovdagi bosma nashrlarni bildiradi. Kurerlik jo‘natmalari esa jo‘natilishi qisqa muddatlarda qo‘ldan-qo‘lga yetkazib berilgan (topshirilgan) holda amalga oshiriladigan pochta varaqchalari, xatlar, banderollar, posilkalar, bosma nashrlarni bildiradi.
Yuqoridagi PQ–3873-son Qarorga muvofiq, xalqaro pochta jo‘natmalarini qabul qilayotgan jismoniy shaxslar 100 AQSh dollariga teng bo‘lgan qiymatdagi tovarlar uchun boj to‘lovlarini to‘lamaydilar.
Shuningdek, jismoniy shaxslar har chorakda bir marotaba kurerlik jo‘natmalari orqali 1 000 AQSh dollari qiymatiga teng bo‘lgan tovarlarni bojsiz qabul qilib olishlari mumkin.
Jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan tovarlarning qanday maqsadga mo‘ljallanganligini aniqlashda tovarlarning miqdori hisobga olinadi va bunda tovarlarni olib o‘tayotgan jismoniy shaxs va uning oila a'zolari ehtiyojlaridan ortiq miqdordagi bir turdagi tovarlarga, agar tovarlarni olib o‘tayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlar deb qaraladi va qonun hujjatlariga binoan olib kirilayotgan tovarlarning barcha summasiga nisbatan bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qo‘llaniladi.
Tovarlarni pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali qabul qilishda amaldagi bojsiz olib kirish me'yorlarini suiiste'mol qilishga bo‘lgan urinishlar ko‘plab uchramoqda. Masalan, yaqinda aniqlangan quyidagi holat ham fikrimizni tasdiqlaydi, deyiladi xabarda.
Singapurdan poytaxtda istiqomat qiluvchi fuqaro R.R. nomiga pochta jo‘natmasi orqali 1 dona “Replica Xiaomi Phone Mi 8 Snapdragon” markali telefon yuborilgan. Ushbu jo‘natmaga tegishli SN-23 shaklidagi bojxona deklaratsiyasida mazkur telefonning narxi 49 AQSh dollari qilib ko‘rsatilgan.
Ammo, tahlillar davomida bojxonachilar deklaratsiyadagi mazkur ma'lumot noto‘g‘ri ekanligini aniqlashgan. Jumladan, pochta jo‘natmasini qabul qiluvchi shaxs ushbu telefonni Internetdagi AliExpress Standard Shipping onlayn do‘konidan 300 AQSh dollariga buyurtma bergani ma'lum bo‘ldi.
Ushbu holatda qiymati 100 AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan tovarning narxini asossiz ravishda pasaytirib, 49 AQSh dollari qilib ko‘rsatish orqali, ushbu telefonni bojsiz olib kirish me'yorlarini suiiste'mol qilgan holda olib kirishga bo‘lgan urinish sodir etilgan.
Ushbu holatda bojxona xodimlari mazkur 300 AQSh dollarlik telefonning bojsiz olib kirishga ruxsat etilgan 100 AQSh dollarini chegirib tashlab, qolgan 200 AQSh dollari uchun belgilangan tartibda davlat byudjyetiga tegishli bojxona to‘lovlarini undirishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini qabul qilayotgan jismoniy shaxslar uchun joriy qilingan tovarlarni bojsiz olib kirish me'yorlariga nisbatan turlicha yondashuvlar kuzatilmoqda.
Jumladan, kimdir buni ma'muriy cheklov sifatida baholasa, kimdir mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun qabul qilingan chora sifatida ta'kidlamoqda.
Aslida esa ushbu me'yorlar jismoniy shaxslarning manfaatlari har tomonlama inobatga olingan holda qabul qilingan deyishimiz mumkin.
Chunki, jismoniy shaxsni har chorakda 1000 AQSh dollari, yil davomida esa 4000 AQSh dollariga teng tovarlarni o‘z ehtiyoji uchun boj to‘lamasdan olib kirishi yurtimizda yashayotgan har bir shaxsni chetdan sifatli va arzon tovar olishini to‘liq kafolatlaydi.
Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar uchun joriy qilingan bojsiz olib kirish me'yorlari yuzasidan har qanday savol va murojaatlarga o‘z vaqtida javob berishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
17:56 / 06.11.2024
Tezkor qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari bojdan ozod qilindi
17:38 / 05.11.2024
Xorijga chiqish biometrik pasportini pochta orqali yetkazish yo‘lga qo‘yiladi
12:37 / 05.11.2024
Sirdaryoda buvi va nevara qariyb 7 kg tilla taqinchoqni chegaradan yashirincha olib kirishga urindi
15:30 / 23.10.2024