Jamiyat | 23:21 / 14.09.2018
54829
19 daqiqa o‘qiladi

Sharof Rashidov tumanidagi «o‘gay kottej»lar aholisining bir kuni: ko‘zdan yiroq, ko‘ngildan yiroqmi?

KUN.UZ tahririyatiga Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani «Ravalliq» MFYda barpo etilgan namunali uy-joyda istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi. Oldinga o‘tib aytish kerakki, Kun.uz muxbiri mazkur murojaat yuzasidan aholi punktida bo‘lib qaytdi va murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan vajlar o‘z isbotini topdi. Boz ustiga, tahririyatimizga yo‘llangan murojaat xati juda puxta, ravon yozilgani uchun uni deyarli tahrirlamasdan e'lon qilishga qaror qildik.

«Albatta, ob-havo noqulay kelsa, gaz va elektr ta'minoti ta'mirlash ishlari ketayotgani bois vaqtincha uzilsa yoki muzlatgichda go‘sht qolmasa, bu — davlatning aybi emas.

Ammo Sharof Rashidov tumani «Ravalliq» MFYga qarashli 375ta namunali uy-joylar massivida yangi orzu-havaslar bilan ko‘chib borgan aholini qiynayotgan masalalar Yurtboshimizning «Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan kuyinchak talabiga mutlaqo mos emasligi bilan yuqoridagi ayblovga sabab bo‘lmoqda.

Gapni uzoqdan boshlaymiz.

Prezidentimizning «2017–2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinguniga qadar 2015 yilda Sharof Rashidov tumani «Toqchilik» mavzesida «Qishloq qurilish invest» MChJ Jizzax viloyati bo‘limi va pudratchi tashkilotlari bilan «hamkorlikda» barpo etilgan qog‘ozda bitgan amalda esa chala 3-xonali jami 325 ta kottejlarga aholi ko‘chib kela boshladi (Izoh: 2016 yilda qurilish boshlangan ana shu tipdagi 50 ta kottej hanuz chala ahvolda turibdi).

Avvalo, ushbu kottejlar noqulay dalaning o‘rtasida barpo etilgan. Mazkur joylarning o‘rni avval baliqchilik xo‘jaligi bo‘lib, keyinchalik xo‘jalik tugatilib, o‘rni fermer xo‘jaliklarga bo‘lib berilgan. Tevarak-atrof fermer xo‘jaliklariga qarashli paxta va g‘alla dalalari, to‘qayzorlar, qamishzorlar shuningdek, yantoqzorlar bilan o‘ralgan, yer osti suvlari nisbatan yaqin, tuprog‘i kuchli sho‘rlangan, zovur yaroqsiz holatga kelgan, buning ustiga qurilish chiqindilari to‘lig‘icha kottejlar hovlisiga to‘kilib, tekislangan.

Bu yerda yashovchi aholi uchun xar xil turdagi «noyob» hashoratlar yangilik emas, chunki ularning turi ham ko‘p soni ham. Tomorqani tomorqa qilish ham katta mablag‘, ishchi kuchini talab qiladi. Bir qish va yozni o‘tkazgandan so‘ng aholi uyni «odam» qilish uchun hali ko‘p mehnat va pul sarflash kerakligini bilib olishdi.

Keling, yaxshisi odamlarning o‘zidan uy-joylar sifati bilan bog‘liq fikrlarni eshitsak. Shu yerda istiqomat qiluvchi Shuhrat Noraliyev shunday deydi:

— Avvalo qurilish firmasining chala ishlari haqida gapirsam. Bizning uy-joylar «Biznes Jizzax» qurilish firmasi tomonidan qurilgan. Afsuski, ko‘p ishlar qo‘l uchida, sifatsiz bajarilgan. Hovlining beton to‘shamasi qing‘ir-qiyshiq, devorga qumsuvoq shu qadar yupqa surilganki, g‘ishtlarning qanday terilganigacha bilinib turadi. Xullas, bu gaplar yangilik emas, firma rahbari Sh.Soatov bilan aytishib, tortishib, yaxshi gapirib, yalinib hech nimaga erishmadik. Kap-katta erkak kishi ko‘zida yosh bilan iltijo qilib, uy-joyni qabul qilib olganimiz haqidagi hujjatga qo‘l qo‘ydirdi-yu, g‘oyib bo‘ldi. Bir ko‘rganimizda ishini prokuratura o‘rganayotgani, yaqinda sudi bo‘lish haqida diydiyo qildi. Shu-shu uni izlamay qo‘ydik. Qolgan hamma kam-ko‘stlarni kuchimiz yetgancha o‘zimiz qilayapmiz. Ammo to‘lovdan muammo qilganimiz yo‘q. (Muammo qilishga qo‘yishmaydiyam-da!) Kommunal to‘lovlarni ham ipoteka kreditni ham belgilagan vaqtda har oy to‘lab borayapmiz...

Qishda isitish tizimining yaroqsizligi, ventilyatsiyaning ishlamasligi oqibatida uy-joylar shiftini mog‘or bosib ketdi. Hozir ko‘pchilik ustalarni «alqab» mog‘or izlarini yo‘qotishga kirishgan. Xullas, avvalo «Qishloq qurilish invest» MChJ Jizzax viloyati bo‘limining ma'sul xodimlari keyin esa qurilish firmasining rahbari Sh.Soatov va ishchilarini ma'suliyatsizligidan va vijdonsizligidan aziyat chekkan massiv aholisi yangi-yangi muammolarga duch kela boshlashdi.

Transport

Bu — hududning eng og‘ir muammolaridan biri. Deyarli hamma shaharga qatnab ishlaydi. Bolalar esa — maktabga. Oraliq masofa 16 kilometr. Massiv va «Ko‘kbozor»ni bog‘lovchi yo‘nalishda «Jizzax Olimpik» MChJ ga qarashli 25-raqamli avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo atigi 2 dona avtobus qatnovi ertalab ishga, kechqurun uyga shoshadigan odamlarni mutlaqo qoniqtirmaydi.

Mazkur avtoulovdan foydalanadigan odamning 40 daqiqa vaqti manzilga yetishga ketadi. Kutish vaqti esa bir soatgacha cho‘zilishi mumkin. Dam olish kunlari va boshqa kunlari bu ikkita avtobusni birdan g‘oyib bo‘lishi hech kimga yangilik emas, sabab ko‘p: yo avtobus buzilib qoladi, yo «zapravkasi» tugaydi va hokazo .

Ayniqsa, maktab o‘quvchilariga qiyin. Kuzning yomg‘irli, qishning sovuq kunlarida soat 8:00 da o‘qishda bo‘lish uchun sho‘rlik o‘quvchilar tong otmasdan yo‘lga chiqishga majbur. Chunki hududga eng yaqin maktab 5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ta'lim sifatidan qoniqmagan va maktabini o‘zgartirishni istamagan o‘quvchilar shaharga qatnashdan o‘zga iloj topa olishmayapti.

Massivni «Eski shahar» bozori bilan bog‘lovchi yana bir yo‘nalish borki, u haqda alohida gapirmasa bo‘lmaydi. 9-raqamli avtobusni ko‘zdan yiroq, ko‘ngildan yiroq kottejlargacha boradi, desa ko‘pchilik «yo‘g‘-ye» devoradi. Ulovga mingan yo‘lovchi naq 2 soatu 40 daqiqada Jizzax shaxrining Uchtepa, Eski shahar bozori, Saroylik, shahar markazi, «gorod», Ko‘kbozor va Kimyogar mahallasi bo‘ylab ekskursiya qilib, viloyat adliya boshqarmasiga, so‘nggi bekatga yetib keladi.

«Zargarlik» mahallasi bekatiga yetib kelish uchun naq bir soat ketadi. Ikki marta mizg‘ib olishga ham ulgurasiz. Uzundan uzoq yo‘nalishning kimga va nega keragi bor ekan-a?

25-raqamli avtobus bo‘lmaganida 9-raqamli avtobusga minadigan yo‘lovchilar 800 so‘m uzatishga xijolat ham bo‘lib qolishadi. Endi tasavvur qiling 2 soatu 40 daqiqalik shahar bo‘ylab ekskursiyaga 800 so‘m pul to‘lab, ishga yoki o‘qishga borish uchun soat nechada jo‘nash kerak?!

Umri yo‘lda o‘tishini istamagan odamlar taksidan foydalanishi mumkin, albatta. Ammo uyga qaytish uchun Xotira xiyoboni va Yoshlar shaharchasi chorrahalarida turadigan kirakashlarning qosh-qovog‘iga qarashga majburlar. Bu esa oilaviy shaharga qatnab ishlovchilar uchun yaxshigina xarajat bo‘lmoqda.

Undan tashqari, kottejlarni shahar bilan bog‘lab turuvchi yo‘llarning abgor ahvoldaligi, o‘nqir-cho‘nqirligi, ta'mirtalabligi, shu yo‘llar yo‘l bo‘libdiki biron bir yo‘l belgisi u yoqda tursin, biror joyi obod bo‘lmagani o‘zi shusiz ham qiynalayotgan odamlarni dardiga dard qo‘shib yotibdi.

Transport muammosini hal etish uchun yaxshi bir loyiha tuzilgan edi. Ya'ni massiv va Sharof Rashidov tumanidan Jizzax shahriga kirib kelishdagi ramziy darvoza oldiga olib chiqadigan qisqa yo‘l yotqizish. Afsuski, tuman hokimligi mutasaddilari ko‘zdan pana bo‘lgan, yaydoq dalada osmondan tushganday paydo bo‘lib qolgan kottejlarni o‘z nomi bilan namunali massivga aylantirish haqida ortiq bosh qotirishni istashmaydigan ko‘rinishadi: «Bir emas, ikkita yo‘nalishda avtobus qatnasa, bu odamlar qachon rozi bo‘lgan o‘zi?..»

Maktab, bog‘cha, bolalar maydonchasi...

Namunali uyda yashash uchun har oy to‘lov to‘lab borish kerak, buning uchun ota-ona tinimsiz ishlashi kerak. Ehtimol, uyga charchab qaytadigan kattalarga bilinmas, ammo bolalarga massivning keramzit g‘ishtlardan tiklangan, bir xil qiyofasi zerikarli tuyulishi aniq.

Prezident qarorlariga ko‘ra, har bir namunali uylar massivida qishloq aholisining hayoti darajasi va sifatini oshirish, qishloqda muhandislik va transport kommunikatsiyalarini, ijtimoiy infratuzilma obektlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha aholi ehtiyoji, xonadonlar soniga qarab, savdo do‘konlari, maishiy xizmat shoxobchalari, kasalxonalar, bog‘cha, maktablar, kutubxona, bolalar maydonchasi, futbol maydonlari va boshqa sharoitlar bo‘lishi shart. Afsuski, biz hikoya qilayotgan hududda ishbilarmon kishilar tomonidan uyda ochilgan 1 ta savdo do‘koni bor, xolos.

Bolalarning uzoqqa qatnab o‘qishidan bezor bo‘lgan ota-onalar bir necha bor tegishli idoralarga murojaat qildilar. Jumladan, fuqaro Z.Norbekovning hududda maktab qurish borasidagi murojaatiga viloyat xalq ta'limi boshqarmasidan quyidagicha javob kelgan: «Sizning maktab buyicha qilgan murojaatingiz ko‘rib chiqilmoqda va kelgusida ya'ni 2019 yili davlat dasturiga kiritishga tavsiya qilinadi».

Tasavvur qiling jami bitgan bitmagan kottejlar soni 375 ta shundan taxminan 340 tasida aholi istiqomat qiladi. Aksariyat oilalar yosh oilalar ekanligini hisobga olsak, 400 dan ziyod maktab o‘quvchisi viloyat xalq ta'limining «tashabbusi» bilan 2019 yilda hali qurilishi noma'lum bo‘lgan maktabni kutib, yo‘llarda sarson bo‘lib o‘tib ketadi shekilli.

Bog‘cha masalasida esa, albatta, davlat va xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari ochilishi qo‘llab-quvvatlanayotgani, bu borada aholining o‘zidan shaxsiy tashabbus ko‘rsatish lozimligini e'tiborga olamiz.

Ammo tasavvur qiling, darvozadan tortib, oshxona-yu hojatxonagacha bir xil o‘lcham, qurilish va hattoki rangda bo‘lgan kottej-uyda yashovchi bola yana xuddi shunday kottej-bog‘chaga borgisi keladimi? Menimcha, yasli yoshidagi bolalargina bunday sharoitga ko‘nishi mumkin, ammo bolani MTMga berishdan maqsad uni shaxs sifatida rivojlantirish, ongu tafakkurini o‘stirish, aqli va ruhiyatini rivojlantirish emasmi?

Birgina tajribali (agar bo‘lsa) tarbiyachi bilan bunga erishish mushkul. Shu ma'noda hududda davlat MTM qurish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Garchi kottejlar hududiga kirib kelishda bolalar maydonchasi uchun joy ajratib qoldirilgan bo‘lsa-da, bu maydonni hozir o‘t va chiqindi bosib yotibdi.

Bolalarning yolg‘iz ermagi kottej ko‘chalari bo‘ylab kim o‘zarga velosiped haydash va toshdan darvoza o‘rnini belgilab, avtomobil yo‘lida futbol o‘ynash. Ba'zan massivda avtoulov harakati ko‘p emasligidan yengil ham tortasan...

Kottejlar bitganidan beri shu yerda istiqomat qiladigan hech qayerda ishlamaydigan uyushmagan yoshlar shu kottejlarda biror marta Sharof Rashidov tuman yoshlar ittifoqi rahbarini ham a'zolarini ham, hokimlik vakili, qolaversa, azim Toshkentdan keladigan «kattakon»larni ko‘rishmagan bo‘lishsa kerak. Faqat, baraka topishsin, MIB xodimlari ora orada qadam ranjida qilib turishadi... Qolganlar esa jim-jit.

To‘g‘ri-da, xaritada bo‘lmaganidan keyin bu joyni qanday topishsin?!

Chiqindi

2017 yilning oktabr oyida va nihoyat hududga madaniy hayotning bir bo‘lagi — chiqindilarni yig‘ish xizmati kirib keldi. «Toza hudud» DUK Sharof Rashidov tuman bo‘limi bilan shartnoma tuzgan holda haftada ikki marta chiqindi olib ketishga kelishildi. Ammo aholi maxsus avtomashina kelishini xavotir bilan kutadigan bo‘lib qolishdi. Agar kelsa, chiqindidan qutulgan qo‘ni-qo‘nilar bir-birlariga «xayriyat» deb qo‘yishadi, agar kelmasa nima deyishlarini o‘zingiz yaxshi bilasiz.

Ayniqsa, kunlar isib, hovlida chiqindi saqlash bilan muammolar tug‘ilayotgan shu kunlarda aholi chiqindining har haftada ikki emas, ikki haftada bir marta olib ketilishidan yaxshigina norozi bo‘lishmoqda.

— Shu yilning yanvar oyida bir marta ham chiqindi yig‘ish xizmatidagilar kelmadi, — deydi Muqaddas. — Oy boshida to‘lov pulini yig‘gani kelishadi-da, keyin xohlagan paytlari kirib kelaveradi. Uyida yo‘q odamlarning chiqindisi qolib ketaveradi. Shikoyat qilsak, «Bizga ham oyligimizni vaqtida berishmayapti, mashina ta'mirlash uchun pul berishmayapti», deydi.

Prezident portali, xalq qabulxonalari, «O‘ztransgaz», «O‘zbekenergo» kabi tashkilotlarga, «ishonch telefon»lariga qayta-qayta murojaatlardan so‘ng, shuningdek, o‘sha payti viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi va hozirgi hokim E.Saliyevga qilgan murojaatlar asosiy jon saqlash manbalarining ta'minotini yaxshiladi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki viloyat hokimi qishning ayozli tunida ham ushbu muammoni imkon qadar bartaraf etishga o‘z yordamini ayamadi. Xullas, fevral oyida har xil muammolar, ayniqsa past gaz bosimidan za'da bo‘lgan bir guruh fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining portaliga shikoyat bilan murojaat qildilar.

Murojaat tuman hokimi o‘rinbosarlari ishtirokida o‘rganib chiqildi. Shikoyatdagi har bir e'tirozga javoban «hozirjavob» hokim o‘rinbosari Shokir Hoshimov o‘zi erinmay, ko‘rilajak chora-tadbirlar to‘g‘risida tushuntirish berdi.

Hududda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha nimalar qilinajagini bayon etdi. Elektr, gaz bosimi yo‘l, sizot suvlarini pasaytirish uchun drenajlar, maktab, bog‘cha, kasalxona va boshqa boshqa qop-qop va'dalarni berib, qo‘yni yong‘oq po‘choqqa to‘lgan fuqarolarni o‘zi tuzgan dalolatnomaga qo‘l qo‘ydirib, shu bilan murojaatni yopib, fuqarolarni uyiga xuddi qahramonlarday kuzatdi.

Oradan o‘tgan 5 oy davomida xokim o‘rinbosarining aytganlaridan faqat bittasi — ko‘chalarni tutashtiruvchi beton to‘shamalari qilindi, xolos. Qolgani esa «eski tos — eski hammom»ligicha qoldi ketdi.

Bu masalani-ku tuman xokimi o‘rinbosari Sh.Hoshimov «qish»gacha yumaloq yostiq qilar, juda bo‘lmasa keyinga qoldirar, lekin viloyatning qolgan tashkilotlari masalan «O‘ztransgaz»ning Jizzax viloyati bo‘limi, viloyat gaz ta'minoti boshlig‘iyu o‘rinbosarlari bu yil qishda kottejlarda gazdan umuman muammo bo‘lmasligi yangi gaz quvuri tortib kelishga, gaz taqsimlagichlarni soz holatga keltirishga aholiga tinimsiz va'dalar berishgan.

«Mana lekin yoz ham o‘tayapti lekin ular xaligacha jim. Yo kuz tushganda qimirlab qolishadimikan?  Sharof Rashidov tuman gazdagilarga nima ular bunga o‘rganib qolishgan.... «O‘zbekenergo»ning Sharof Rashidov tumani mutassadilari sal qattiq shabadaga elektr tokini uzmasdan bir eski simlarini almashtirib eski transformatorlarni yangi qilib «kraskalab» qishga tayyorlashsa nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi yo bular ham qattiq shamol yo qishni kutishayaptimikan...

Nazarimda, biz hikoya qilgan kottejlar massivi tuman hokimligi xaritasidan tushib qolgan. Aks holda, fuqarolarning shikoyati, e'tiroziga sabab bo‘layotgan «o‘gay kottej» muammolarini yechishga harakat ham qilmay qo‘yisharmidi? Muammolar rahbar kabinetidan chiqmay turib o‘rganilgandan keyin shudir-da.

Shuning uchun shu kunlarda kottej aholisi viloyat xokimiga murojaat bilan chiqishmoqchi..

Viloyat hokimi E.Saliyev shu tashkilotlar rahbarlariga va tuman hokimligiga shu sanab o‘tilgan masalalarga jiddiy yondashib, ularni bartaraf etish zarurligini uqtirishiga va qat'iy nazorat qilishiga biz ishonamiz!

Yangi o‘quv yili boshlandi, kuz-qish mavsumi keldi. Yana soatlab avtobus kutishlar, sovuqda bir xonaga tiqilib jon saqlashlar, shabada essa ham uzib qo‘yiladigan elektr muammosi, qo‘lansa hid chiqarib, haftalab yig‘ilib turuvchi chiqindilar.... Nahot yana shunday davom etsa?!

Yaxshilab qarang-chi, tuman xaritasida hali ham 2016 yilda qurilgan, «Ravalliq» mahallasiga qarashli 375 talik yangi aholi manzilgohi bormi? Ayni maqola yozilayotgan paytida bu «o‘gay kottejlar»da hozirgi kunda «avtobus bekati» ni o‘tayotgan katta daraxtlari bor soya joy ham bir kechada daraxtlari kesib olinib, qayoqqadir olib ketildi.

O‘zi shundoq ham yozning jazirama kunida issiqdan qiynalayotgan aholi uchun yana bir «sharoit» yaratib berildi. Daraxtlarni nega kesilganligi noma'lum. Birov daraxtlar sababli paxtaga «qurt» tushdi desa, birov fermer daraxtlarni o‘tin qilib sotdi, degan fikrni ilgari suradi. Xullas mana shunaqa gaplar...

O‘zingiz bu hududga tashrif buyursangiz, qog‘ozbozlikni boshlamasdan aholini qiynayotgan muaamolarga amaliy yordam berishni boshlasangiz, menimcha nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi, deb o‘ylaymiz», deb tugatilgan murojaatnoma.

Kun.uz tahririyati tahririyatimizga qilingan murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan manzilda bo‘lib, aholi bilan uchrashdi va ularni qiynayotgan muammolarni tasvirga tushirib qaytdi. Quyida Kun.uz ijodiy jamoasi tomonidan Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani «Ravalliq» MFYdan tayyorlangan lavhani tomosha qilishingiz mumkin.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi

Mavzuga oid