Andijon axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan seminar o‘tkazildi
Ta'lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, bu borada yuritilayotgan tahliliy ma'lumotlarni ixchamlashtirish maqsadida joriy yilning 14 sentabr kuni Andijon axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda ishtirok etgan kasb-hunar kollejlari direktorlari, yoshlarni chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorlash rahbarlari, psixologlar, xotin-qizlar qo‘mitalari va Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari yetakchilari ushbu kollejda ertalab soat 8:00 da tashkil etilgan o‘quvchilarning ertalabki ritual marosimi jarayoni, o‘quvchilik liboslarining tatbiq etilganligi, profilaktika darslarini o‘tkazish, sport to‘garaklari mashg‘ulotlari hamda Axborot-resurs markazida o‘tkazilgan kitobxonlik tadbirlarini kuzatdilar.
Tadbir davomida viloyat prokuraturasi, viloyat IIB,adliya boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan o‘quvchilar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurash yuzasidan axborot almashishni tartibga solish, bu borada mavjud muammolarni bartaraf etish hamda ortiqcha ma'lumotlarni talab etilishiga chek qo‘yish maqsadida kelishilgan holda amaliyotda yuritish uchun ishlab chiqilgan “Kasb-hunar ta'limi muassasalarida o‘quvchilar haqida umumiy ma'lumotlar jamlanmasini yaratish hamda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan nazorat daftari”ning namunasi seminar ishtirokchilari muhokamasiga havola etildi.
Muhokamada ushbu nazorat daftarini yuritish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar va mulohazalar tinglanib, joriy yilning 25 sentabridan boshlab uni amaliyotda qo‘llashga kelishib olindi.
Seminarda ishtirok etgan viloyat prokuraturasi mas'ul xodimi V.Kadirov va viloyat IIB xodimlari voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda ta'lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, profilaktika inspektorlari hamda ota-onalar bilan hamkorlikda olib boriladigan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan dolzarb vazifalar yuzasidan hamkorlik borasida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Seminar yakunida kun tartibidagi masalaning muhimligidan kelib chiqib, har bir kasb-hunar kollejida voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish yuzasidan ta'lim muassasalari direktorlariga tegishli topshiriqlar berildi.