Jamiyat | 12:24 / 18.09.2018
12213
4 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘ondagi maktab filialida muammolar bartaraf etildi

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi Kun.uz saytida e'lon qilingan «Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Murtak qishlog‘i aholisi farzandlarini qaysi maktabda o‘qitadi?» sarlavhali maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgani haqida ma'lumot berdi.

«Kun.uz saytida e'lon qilingan «Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Murtak qishlog‘i aholisi farzandlarini qaysi maktabda o‘qitadi?» nomli maqola Kattaqo‘rg‘on tumani mutasaddilari tomonidan o‘rganildi. Maqolada keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar olib borildi.

Maktabning avvalgi holati

Jumladan, Murtak qishlog‘ida joylashgan Kattaqo‘rg‘on tuman xalq ta'limi bo‘limi tasarrufidagi 53-umumta'lim maktabi qoshidagi filial binosi qishloq aholisining talab va istaklari asosida to‘liq joriy ta'mirdan chiqarildi.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining 2018 yil 14 sentabrdagi 1625-Q-sonli qarori asosida ushbu filial 53-umumiy o‘rta ta'lim maktabidan 56-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga filial sifatida o‘tkazildi. Ilgari ushbu filialda faqat boshlang‘ich sinflar o‘qitilar edi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida tuman hokimining qarori bilan ushbu filial joriy yilning 17 sentabr kunidan 1-9 sinflarning o‘qitilishi tashkil etildi.

Maktabning avvalgi holati
Maktabning avvalgi holati

Shu munosabat bilan 53- va 56-umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ta'lim olayotgan qishloqning 1-9 sinf bo‘lgan o‘quvchilari ushbu filialga qaytgan va o‘z qishlog‘ida ta'lim olishni boshladi.

Ayni vaqtda ushbu maktab filialida maqolada ko‘rsatilgan barcha kamchiliklar bartaraf etildi. Ushbu ta'lim maskanidagi holat ta'lim olish uchun qoniqarli darajaga keltirilganini ma'lum qilamiz», – deyiladi Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari S.Mingboyev nomidan kelgan ma'lumotnomada.

Ushbu ma'lumotnoma taqdim etilgandan keyin biz qishloq aholisi bilan bog‘landik. Haqiqatan ham 17 sentabr kuni ushbu filial to‘qqiz yillik bo‘lib, tantanali ochilibdi. Maktab joriy ta'mirlanib, hovlisida sport maydonchalari tashkil etilgan.

– Necha yillik orzuimiz ushaldi, – deydi Xolida Eshquvvatova. – Nevaralarim uzoqdagi maktabga qatnab o‘qigani va katta yo‘ldan qatnagani uchun doim xavotirda yurardim. Qolaversa, maktabimiz juda ham xarob ahvoldaligi butun qishloqni o‘ylantirayotgan muammolardan biri edi. Mana, barcha muammolar hal etildi. Bolalarimiz shundoqqina yonimizda ta'lim oladigan bo‘ldi. Ikki smenada ta'lim olishsa ham, muhimi, yaqin masofaga qatnab o‘qishadi. Tuman mutasaddilari kelgusida qishlog‘imizda yangi maktab binosi qurilishini aytishdi.

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi ushbu masalaga e'tibor qaratib, muammolarni bartaraf etgani, albatta, ijobiy holat.

Tuman mutasaddilari ushbu maktab filialini qayta to‘qqiz yillik bo‘lib ochilganligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir va ta'mirlangan maktab suratlarini ham yuborishdi.

Mavzuga oid