O‘zbekiston | 13:22 / 18.09.2018
5696
3 daqiqa o‘qiladi

Muhandis-konsultantlar uyushmasi va ixtisoslashtirilgan investitsiya kompaniyasi tashkil etilmoqda

Foto: 123RF

Bu prezidentning «Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan belgilangan.
 
Norma’ning yozishicha, birinchidan, O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi tashkil etilmoqda. Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:
 
• loyiha, injiniring va konsultatsiya xizmatlarini rivojlantirish;
• uning a'zolarini istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatga jalb etish;
• uyushma a'zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish;
• xalqaro moliya institutlari hisobidan moliyalashtiriladigan muhandislar-konsultantlar, loyihalarni amalga oshirish guruhlari xodimlarining malakasini oshirish;
• oliy ta'lim muassasalari bilan ularning o‘quv dasturlariga loyihalash va qurilish sohasidagi eng yangi yutuq va innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilish;
• xorijiy muhandislar uyushmalari bilan hamkorlik qilish, sifatli loyihalashtirish ishlarini, shu jumladan, xorijda amalga oshirish uchun konsorsiumlar shakllantirish.
 
Ikkinchidan, hukumatga prezident Administratsiyasi bilan birgalikda, sh.j. xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda ixtisoslashtirilgan investitsiya kompaniyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi topshirildi.
 
Investitsiya kompaniyasi investorlar, shu jumladan, xorijiy investorlar resurclarini, shuningdek investitsiya loyihalarini ishlab chiqish uchun mahalliy va xorijiy konsultantlarni jalb etishi rejalashtirilmoqda.
 
Kompaniya xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ustav kapitalida ularning samaradorligi va daromadliligi ko‘rsatkichlarini oshirish uchun ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Investitsiya kompaniyasining bo‘sh mablag‘lari hududlardagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun joylashtiriladi.
 
Eslatib o‘tamiz, hujjat bilan Hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi hamda tegishli hududiy guruhlar tashkil etilgan, shuningdek biznes va investitsiya loyihalarini amalga oshirishning yangi qoidalari joriy etilgan. 
 
Hujjat 11.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid