O‘zbekiston | 19:00 / 19.09.2018
6379
8 daqiqa o‘qiladi

Qurilish normalari va qoidalari buzilishi qanday bartaraf etiladi?

Foto: Depositphotos

Norma «Obod mahalla» dasturini amalga oshirishning yuridik jihatlari haqida maqola e'lon qildi. 
 
Toshkent shahrining infratuzilmasini yaxshilash maqsadida quyidagi olijanob maqsadlarga yo‘naltirilgan «Obod mahalla» dasturi amalga oshirilmoqda:

• aholi turmush sifatini yaxshilash;
• Toshkent shahridagi tumanlarni modernizatsiyalash;
• kerakli xizmatlarni yaqin joyda taqdim etish.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Respublika kengashi, «Mahalla» fondiga:

• 2018 yilning 1 dekabrigacha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar markazlarida «Mahalla markazi» majmualari binolarini;
• 2021 yilning 1 dekabrigacha fuqarolar yig‘inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qo‘yilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta'mirlash) choralarini ko‘rish vazifasi topshirilgan (3.02.2017 yildagi PF–4944-son Farmonning 8-bandi).
 
Yuqorida ko‘rsatilgan dastur doirasida Toshkent shahridagi tumanlarda keng miqyosli qurilish ishlari boshlandi.
 
Biroq, respublika OAVning guvohligiga ko‘ra, investorlar foyda olish niyatida mahalla markazlari ko‘rinishi ostida ko‘pincha tijorat ko‘chmas mulkini qurishga urinmoqdalar.
 
Bu yaqin orada yashovchi ko‘p qavatli uylar aholisining noroziligiga sababchi bo‘lmoqda, nafaqat qurilish jarayonida, balki tijorat ko‘chmas mulki foydalanishga topshirilgandan keyin ham ularning yashash sharoiti yomonlashadi. Buning ustiga, mazkur vaziyatda tijorat qurilishi uchun yer uchastkalarini ajratish jarayoni shaffof emasligi va shaharsozlik normalari buzilishi ehtimoli ko‘plab savollarni yuzaga keltiradi.  
 
«Obod mahalla» dasturi doirasida qurilish ishlarini amalga oshirish bilan bog‘liq sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari har xil tushunilishi va talqin qilinishining oldini olish uchun normativ-huquqiy bazani ko‘rib chiqamiz va tartibga solinmagan masalalarga e'tibor qaratamiz. 
 
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni berish yer ajratish tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar, shaharlar hokimlarining qarorlari asosida amalga oshiriladi (Yer kodeksining 23-moddasi).
 
2018 yil 1 iyuldan boshlab:

• tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshiriladi;
• yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish faqat zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshiriladi (20.04.2018 yildagi PQ–3677-son qarorning 8-bandi). 
 
Prezidentning 20.04.2018 yildagi PQ–3677-son qarorini bajarish yuzasidan Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi to‘g‘risida nizom (VMning 30.06.2018 yildagi 493-son qaroriga 1-ilova, bundan keyin – Nizom) tasdiqlandi.
 
Bundan buyon yer uchastkalarini ajratish tartib-taomillarining shaffof emasligi xususida hech qanday savol yuzaga kelmasligi kerak edi. Biroq Nizomda istisno mavjud. Uning talablari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining qarorlarida nazarda tutilgan davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini berish tartibiga binoan barpo etilayotgan muayyan turdagi obektlarni qurishga tatbiq etilmaydi (Nizomning 2-bandi «b» kichik bandi).
 
Ko‘rsatilgan normada mahalladagi binolarni qurish uchun yer uchastkalarini elektron savdo maydonchasidan tashqarida berish imkoniyati nazarda tutilgan. Bunda qonunchilik darajasida:

• amaldagi dastur doirasida mahallalarni obodonlashtirish uchun yer uchastkalarini berish tartibi batafsil qayd etilmagan;
• bo‘lajak quruvchilarni tanlab olish mezonlari belgilanmagan;
• mahalladagi binolarning namunaviy loyihalari va ularga qo‘yiladigan talablar tasdiqlanmagan.
 
Bu esa mahalliy davlat hokimiyati organlari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, nizoli vaziyatlar yuzaga kelishiga olib keladi, mamlakat rahbariyati ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarishga to‘sqinlik qiladi. Ko‘pincha investorlar mahalla markazlari ko‘rinishi ostida, «Obod mahalla» dasturidan ko‘zlangan maqsadga zid ravishda odamlarning manfaatlari haqida o‘ylamay, biznes-markazlar va boshqa tijorat ko‘chmas mulki obektlarini qurishga urinmoqdalar. 
 
Biroq bunda faqat vaziyatning huquqiy jihatdan tartibga solinmaganligi haqida so‘z yuritilmayapti. Mahalliy hokimiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qurilish loyihalari amaliyotda shaharsozlik normalarining talablarini buzgan holda amalga oshirilmoqda. Aslida har qanday qurilish shaharsozlik normalariga qat'iy rioya etgan holda amalga oshirilishi kerak (Shaharsozlik kodeksining 3-moddasi). Prezidentning «Obod mahalla» dasturi to‘g‘risidagi qarorida (27.06.2018 yildagi PQ–5467-son qarorning 2, 3-bandlari) ham shaharsozlik normalari talablariga so‘zsiz rioya etish zarurligi qayd etilgan.    
 
Standartlarda esa quyidagilar ta'kidlab o‘tilgan: «Mikrorayonlarda uy-joylar oralig‘ida har qanday maqsadga mo‘ljallangan obektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Maxsus inshootlar (bolalar uchun o‘yin maydonchalari, sport maydonchalari, kir yoyish, avtomobillarni vaqtincha saqlash uchun maydonchalar) bundan mustasno» (2.07.01-03 ShNQning 21.1-bandi).
 
Mavjud amaliyot Shaharsozlik kodeksi normalariga ham zid keladi. Xususan, quyidagilar jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari hisoblanadi:

• aholining qulay yashash sharoitlarini ta'minlash;
• xo‘jalik va boshqa faoliyatning atrof muhitga yetkazadigan zararli ta'siriga yo‘l qo‘ymaslik, ekologik holatni yaxshilash;
• shaharsozlik faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik.
 
Agar shaharsozlik faoliyati jamiyatning manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak (Shaharsozlik kodeksining 4-moddasi).
 
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslar atrof muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek sanitariya normalari hamda qoidalariga rioya etishlari shart (Shaharsozlik kodeksining 8-moddasi).
 
Qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun «Obod mahalla» dasturi doirasida qurilish uchun yer uchastkalarini ajratish masalasini qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish zarur. Buning uchun quyidagilarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni tasdiqlash lozim:

• yer uchastkasini ajratish bosqichlari, muddatlari va mezonlari;
• mahallalar kesimida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsat berilgan hududlar;
• mahalla fuqarolari yig‘inlari binolarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish;
• qurilgan binolarda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini batafsil qayd etish.
 
Eslatib o‘tamiz, fuqarolarning huquqlari himoyalangan, qonun hujjatlari buzilgan taqdirda ular sud organlariga (Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 4, 26, 27-moddalari), shuningdek jamiyatning huquq va manfaatlari himoyalanishini kafolatlovchi prokuratura organlariga murojaat qilish vakolatiga ega («Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasi, 3-bo‘limi 1, 2-boblari).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid