Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda “Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida, jumladan, o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirishga oid qator vazifalar belgilandi. Quvonarlisi, bu pedagoglik kasbining jozibadorligini oshirdi. Natijada yangi o‘quv yilida maktablarga erkak o‘qituvchilar ham qaytmoqda, deb yozadi “Ma'rifat” nashri.
Xalq ta'limi vazirligining ma'lumotiga ko‘ra, 2017-2018 o‘quv yilida respublikamizdagi umumta'lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan jami 408 135 nafar pedagog xodimning 120 336 (29,5 foiz) nafarini erkaklar tashkil etgan. Respublika miqyosida 11 mingdan ortiq o‘qituvchilik lavozimlarida vakansiyalar mavjud bo‘lsa-da, erkak o‘qituvchilar soni 30 foizdan oshmagan. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich atigi 10 foizni tashkil etgan. Ta'lim tizimida olib borilgan islohotlar tufayli bu raqamlar joriy yilda sezilarli darajada o‘sdi.
Universitetdan maktabga
— Bu yil Qoraqalpoq davlat universitetining qoraqalpoq filologiyasi fakultetini tamomlab, Xo‘jayli tumanidagi 3-maktabda ish boshladim, — deydi Jalg‘asbay Nuratdinov. — Ochig‘i, maktabda ishlashga ikkilanayotgandim. Yurtimizda o‘qituvchilar nufuzini oshirishga katta e'tibor qaratila boshlangani menga dalda berdi. Oylik maoshlar oshgani, turli imtiyozlar berilayotganidan ruhlandim. 5-, 6-, 7-sinflarga qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan saboq beryapman. Ilk taassurotlar juda yaxshi.
O‘zbekiston Milliy universiteti magistraturasining 2-bosqich talabasi Sarvar Nishonov ham Yakkasaroy tumanidagi 144-maktabda milliy istiqlol g‘oyasi va ma'naviyat asoslari fanidan saboq bermoqda.
— Toshkent islom universitetini imtiyozli tamomlaganman. Talabalik yillarimda 2016 yilda Imom al-Buxoriy, 2017 yilda Islom Karimov nomidagi stipendiyalar sohibi bo‘lganman, — deydi Sarvar Nishonov. — Har bir darsga puxta tayyorgarlik ko‘raman. Ta'lim-tarbiya jarayonida qattiqqo‘llik juda zarur ekanligiga qisqa muddatli ish faoliyatim davomida ishonch hosil qildim. Bunday vazifani bajarishda erkak o‘qituvchilarning o‘rni katta.
“Muallim bo‘laman” deganda quvonmagandim”...
Prezident farmoniga ko‘ra, endi pensiyaga chiqqan pedagoglar ishlaydigan bo‘lsa, oylik maoshini to‘liq olishi belgilab qo‘yildi. Usmon Berdiqulov ham bu yil nafaqaga chiqan bo‘lsa-da, yangilikni eshitib, mehnat faoliyatini maktabda davom ettirishga ahd qildi. 42 yillik pedagogik stajga ega muallim 30 yildan beri Baxmal tumanidagi 8-maktabda faoliyat yuritib, 5—11-sinflarga texnologiya fani sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.

















