Jamiyat | 09:50 / 24.09.2018
17238
5 daqiqa o‘qiladi

Denovda tadbirkorning yerga bo‘lgan huquqi himoyalanmayapti. U 10 barobar miqdorda soliq to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin

Tahririyatga Surxondaryo viloyati Denov tumanining «Sina» MFY va «Rizq-nasiba» mahallasida yashovchi Imomali Aliyev nomidan otasi va ishonchli vakili Azizmurod o‘zlarini qator yillardan beri qiynab, yechimini topmay kelayotgan muammo yuzasidan murojaat qildi.

Xo‘sh, muammo nimadan iborat?

Imomali Aliyev 2011 yilning 11 oktabr kuni Denov tuman «Sina» QFY «Fayzobod» mahallasida joylashgan va fuqaro Soat Azimovga tegishli bo‘lgan avtomobillarni vaqtincha saqlash garaji hamda ma'muriy binosi joylashgan hududni aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa tadbirkorlik faoliyati yuritish maqsadida sotib olib, notarial tarzda rasmiylashtiradi.

Aliyev shu kungacha mazkur hudud uchun yer soliqlarini — jumladan, 2018 yil uchun qariyb 1 mln 400 ming so‘m miqdorda — muntazam to‘lab kelmoqda.

Ammo u o‘zi sotib olgan hududdan zarracha ham foyda ololmayapti.

Bunga sabab — uyi mazkur hududga chegaradosh bo‘lgan Obloqul Eshniyozov o‘z oila a'zolari bilan birgalikda garaj hududida qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borishga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Uning da'vosiga ko‘ra, mazkur garaj yer maydoni unga tegishli bo‘lishi kerak. Lekin uning biror-bir hujjati yo‘q.

Imomali Aliyev Obloqul Eshniyozov ustidan Denov tuman IIBga bir necha bor murojaat qilgan. Shu kungacha Eshniyozovga nisbatan ikki bor jarimaga tortish jazosi, bir bor 10 kunlik qamoq jazosi belgilangan.

Xullas, ishonchli vakil Azizmurod Aliyevning bizga hikoya qilib berishicha, Denovdagi mutasaddi organlar uning muammosini hal qilib bera olmayapti. Zo‘ravon oila dastidan 7 yildan buyon sarson-sargardon.

Eng dahshatlisi — u xarid qilgan maydon noturar joy bo‘lib, Denov tuman hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan prezident qarorlarini ijro etish yuzasidan ogohlantirish xati berilgan.

Ogohlantirish xatiga ko‘ra, o‘rnatilgan tartibda foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari uchun mulk va yer soliqlari ikki barobar, 6 oy o‘tgach ham vaziyat o‘zgarmasa — 5 barobar, 12 oydan so‘ng esa — 10 barobar miqdorda to‘lash ko‘rsatib o‘tilgan.

Endi o‘zingiz o‘ylang, Obloqul Eshniyozov qo‘lida yerga egalik qilish uchun birorta hujjat bo‘lmasdan Imomali Aliyevga mazkur maydonni o‘zlashtirishda to‘sqinlik qilaversa, ayni paytda 1,4 million so‘m soliq to‘layotgan tadbirkor yiliga 14 million so‘m soliq to‘laydimi? Yana, bu hududdan zarracha foyda olmasdan, qo‘shnisining noqonuniy talablari-yu xarxashasini eshitib.

Biz bilan suhbatda A.Aliyev hududda ishlab chiqarish, maishiy xizmat va savdo shoxobchalarini ochish, o‘z oilasi va mahalla aholisini ish bilan ta'minlashni maqsad qilgani va shu maqsadda ushbu yer maydonini xarid qilganini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 martdagi O‘RQ-421-sonli qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksiga 2291-modda kiritilgan.

Unga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, agar xuddi shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa — eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ayni paytda O.Eshniyozovga nisbatan bir necha bor ma'muriy jarima qo‘llanilgan. Navbatdagisi jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. A.Aliyevning aytishicha, endi mojaroga O.Eshniyozovning rafiqasi va farzandlari aralashmoqda.

Denov tuman hokimligi, tuman huquq-tartibot idoralari mazkur masalaga jiddiy e'tibor qaratib, mulk egasi bo‘lgan insonning qonuniy huquqlarini ta'minlash, huquqbuzarlarga esa qonunchilikda belgilab qo‘yilgan jazolarni eslatib, ogohlantirish, mavridi kelsa, qonunchilikda belgilangan jazolarga tortish kerakligini eslatib qo‘ymoqchimiz.

Zero, ishlayman degan, huquqlari poymol etilayotgan ishbilarmonga tuman hokimligi, tuman idoralari ko‘mak ko‘rsatib, barcha sharoitlarni yaratib berishi kerak.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
KUN.UZ muxbiri

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid