18:05 / 25.09.2018
9651

“Bolalar kitobi” respublika festivali va kitoblar ko‘rgazmasi boshlandi

2018 yil 25 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan “Bolalar kitobi” respublika festivali va kitoblar ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

Ushbu festival va ko‘rgazma O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi, shuningdek, viloyatlar Matbuot va axborot boshqarmalari tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Sog‘lom va ma'naviy yetuk avlod – yurt kelajagi” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

“Bolalar kitobi” respublika festivalini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – bolalar o‘rtasida kitob mutolaasini targ‘ib etish va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularning intellektual salohiyati va ma'naviy saviyasini yuksaltirish hamda ularni mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan kutubxonalar va bolalar nashriyotlari bilan yaqindan tanishtirish.

Festival doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining kutubxona fondidan joy olgan bolalar adabiyoti namunalari ko‘rgazmasi, mamlakatimizning yetakchi nashriyotlari tomonidan nashr etilgan bolalar kitoblari, jumladan, mumtoz adabiyot namunalari, eng sara badiiy, ma'naviy-ma'rifiy, ensiklopedik kitoblar taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda, shuningdek, chegirmali kitob savdosi tashkil etilmoqda. Yosh kitobxonlar uchun bolalar shoirlari, yozuvchilari hamda bolalar adabiyoti nashriyotlarining noshirlari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

Eslatib o‘tamiz, “Bolalar kitobi” respublika festivali va kitoblar ko‘rgazmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida 2018 yil 25-26 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top