Jahon | 20:30 / 25.09.2018
5895
6 daqiqa o‘qiladi

Nexus: Suv, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi 

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriluvchi Nexus loyihasi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun juda muhim ahamiyatga ega. Bu ko‘p sektorli investitsiyalar uchun imkoniyatlar yaratuvchi loyihadir, bu investitsiyalar esa, o‘z o‘rnida suv, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta'minlaydi. 

Olmaota shahrida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), USAID, Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, YuNeSKO va Qozog‘iston-Germaniya universiteti qo‘llab-quvvatlashi ostida atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish masalasiga bag‘ishlangan IX Markaziy Osiyo Yetakchilik dasturi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning "Atrof-muhit boshqaruvi" dasturi yetakchi mutaxassisi Saltanat Jakenova KUN.UZ muxbiriga loyiha haqida so‘zlab berdi.

Saltanat Jakenova

Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy jihatdan rivojlanayotgan bir davrni boshdan kechirmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish - Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosatining ustuvor jihatlaridan biri. Qanday yo‘l bilan rivojlanish, qanday investitsiyalar jalb qilish - boshqa masala. 

Agar ilgari har bir sektor o‘zi uchun alohida sarmoya jalb qilgan bo‘lsa yoki loyihalar davlat byudjyeti asosida amalga oshiriladigan bo‘lsa, nima uchun endi loyihalarni biryo‘la bir necha sektor talabini qondiradigan darajada bajarmaslik kerak?!

Nexus loyihasi ekologik barqaror investitsiyalarni targ‘ib qiladi. Dastavval loyiha identifikatsiyasi ketayotgan paytda uning g‘oyasi muhokama qilinadi.

Ekologik barqaror investitsiyalar - bu atrof-muhitga minimal ta'sir ko‘rsatuvchi sarmoyalar. Biz biznes darajasiga chiqmaymiz, biz davlat organlari va hukumat darajasida ishlaymiz. Loyiha biznes tomonidan amalga oshirilsa, u chiqindilar borasida ekologik yechimiga ega bo‘lishi kerak. Biznes taraqqiyot banklaridan kredit oladigan bo‘lsa, banklar albatta AMTB (atrof-muhitga ta'sirni baholash) jarayonini o‘tkazishni talab qiladi va ular ushbu loyihani kuzatib borishadi. Qurilish loyihasi xavflarni kamaytirishni ko‘zda tutuvchi ekologik rejaga ega bo‘lishi kerak. Loyiha e'tibor qaratayotgan asosiy jihatlardan biri - mintaqaviy investitsion loyiha, bu Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi  taraqqiyot banklari bilan muhokama qiluvchi loyihalardir. Ushbu loyihalar ekologik yo‘nalishga ega bo‘ladi, masalan, Orol dengizi muammolari. 

Biz Nexus loyihasi bilan shug‘ullanar ekanmiz, bu loyihalarda o‘zaro bog‘liqlik borligini, suv, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi sog‘liqni saqlash tizimiga ham ta'sir ko‘rsatishini unutmasligimiz kerak, ya'ni ekologik muammolardan tashqari loyiha ta'sir doirasidagi yana bir necha sektorlar mavjud. 

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining ekoturizm rivojiga doir loyihasi ham bor. U mintaqa mamlakatlari turistik salohiyatidan foydalanishga yo‘naltirilgan. Loyiha Orol dengizi suv havzalarini o‘z ichiga olgani bois atrofdagi hududlarni (O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonning janubiy qismi) qamrab oladi. Bu hududlarga avvallari iqtisodiy va investitsion jozibadorlikka ega hudud sifatida qaralmagan. Biz dengizni qayta tiklash, bu fojia haqida bong urish, grant mablag‘larini topishga urinish befoyda ekanini tushunamiz, chunki donorlik jamiyati bundan charchagan. Biroq bu hududdan turistik obekt sifatida foydalanish mumkin. 

Ekoturizm - salohiyati Markaziy Osiyoda yetarlicha baholanmagan, ekologik madaniyatni shakllantiruvchi turizm. Bunda odamlar shunchaki obektlarni tomosha qilish uchun emas, u yoki bu harakatlarning qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglab yetish uchun ham tashrif buyurishadi. Ekologik madaniyat shu tariqa shakllanadi. Loyiha bir necha tarkibiy qismdan tashkil topadi. 

Eng asosiy va katta ahamiyat kasb etuvchi komponent - infratuzilmaviy. Bu yo‘llar, aeroportlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish, kichik aviatsiya rivojlanishidir. Loyiha mavjud qo‘riqlanuvchi hududlar, milliy parklardan baza sifatida foydalanadi. Asosiy qismilaridan biri - milliy parklar salohiyatini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ma'lumot markazlari, mehmon uylarini qurish. 

Nexus loyihasiga biz shuningdek etno- va agroturizm elementlarini ham kiritishni joiz deb topdik. Ha, agroturizmni (baliq ovlash, ov qilish) milliy parklar hududlarida rivojlantirib bo‘lmaydi, lekin bufer zonalarida amalga oshirish mumkin.

Hozir Markaziy Osiyo (MO) mamlakatlari turizm vazirliklari darajasida sayyohlar uchun MO vizasini joriy qilishga doir muzokaralar olib borilmoqda, chunki bunday faoliyat haqiqatda juda katta dividendlar keltirishi mumkinligiga doir tushuncha mavjud. Bu komponent shuningdek mahalliy aholiga xizmat ko‘rsatishga oid bilimlar berishni ham o‘z ichiga oladi, ya'ni kichik va xususiy biznesni rivojlantirish, to‘liq xizmatlar dasturini taqdim etishga o‘rgatish: turistlarni qanday jalb qilish, ularga qanday xizmat ko‘rsatish, marketingni qay yo‘sinda rivojlantirish va h.k. 

Nepal, Janubi-Sharqiy Osiyoning Jahon va Osiyo banklari tomonidan moliyalashtirilgan ekoturizmga oid xalqaro loyihalari muvaffaqiyatsizlikka uchragan, chunki mahalliy aholi hatto o‘z xizmatlarini qanday taqdim etish kerakligiga doir tasavvurga ham ega bo‘lmagan. 

Shunday ekan, barcha loyihalarni o‘z tabiatiga ko‘ra faqat investitsion deb bo‘lmaydi. Grant komponent va texnik ko‘mak albatta bo‘lishi kerak. 

Bundan avval KUN.UZ'da suvdan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan Smart Waters haqida ma'lumot berilgan edi.

Mavzuga oid