2019 yil yanvardan boshlab ko‘pchilik korxonalar QQS to‘lashga o‘tadi. Davlat faoliyatning ayrim turlari uchun imtiyozlarni saqlab qoladi. Biroq bu imtiyozlar hozirgidek ishlaydigan bo‘lsa, bu tovarlar va xizmatlar narxi ancha oshishiga olib kelishi mumkin, deya hisoblaydi Norma eksperti Igor Aipkin.

Imtiyozlar soliq tizimining eng muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Ular muayyan toifadagi soliq to‘lovchilarga ayrim soliqlarni to‘lamaslik yoki kamroq miqdorda to‘lash imkonini berib, boshqalarga ko‘ra ko‘proq afzallik beradi. Oxir oqibatda bu soliq to‘lovchiga ham, davlatga ham foyda keltiradi, davlat shu yo‘l bilan iqtisodiyotning aniq sohalarini rag‘batlantiradi.

Bevosita soliqlar (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, YaST) bo‘yicha beriladigan imtiyozlar ulardan foydalanadigan soliq to‘lovchilarga naf keltirishi ayon. Soliq to‘lamaymizmi – yaxshi. Soliq solinadigan bazaning butun summasidan to‘lamaymizmi – bu ham yaxshi. Stavkani pasaytirdilarmi – juda zo‘r. Bir so‘z bilan aytganda, hamma mamnun.

Biroq bilvosita soliqlar (ha-ha, ayni o‘sha QQS) bo‘yicha imtiyozlar qanday ishlayotganiga diqqat bilan razm solsak, juda g‘aroyib holatning guvohi bo‘lamiz.

Aytaylik, turoperator QQS to‘lovchisi hisoblanmaydi, o‘z xizmatlarini ko‘rsatish uchun QQS to‘lamaydigan yetkazib beruvchilar bilan ishlaydi. Korxona daromadi – 100, xarajati – 80 bo‘lsin (sodda qilib bayon etish uchun o‘lchov birliklarida ko‘rsatmaymiz). Foyda, tegishincha, 20 bo‘ladi.

2019 yil yaqinlashmoqda. Butun mamlakat aksariyat yuridik shaxslarning QQS to‘lashga o‘tishini intiqlik bilan kutmoqda. Bizning turoperator ham istisno emas. Yangi yilda unga 120 to‘lasalar ham (100 – daromadning o‘zi, 20 – QQS), daromadi avvalgidek 100 ni tashkil etadi. Xarajat – 80 ligicha qoladi, biroq endi korxona yetkazib beruvchilarga 96 to‘laydi (80 – xarajat, 16 – QQS). Jami, foyda yana 20 bo‘ladi. Tabiiyki, biz soddalashtirilgan modelni ko‘rib chiqyapmiz, amaliyotda narxlarga ta'sir ko‘rsatuvchi boshqa omillar ham bo‘lishi mumkin. Biroq oddiy misolda QQS bo‘yicha imtiyoz qanchalik g‘alati ishlashini ko‘rish oson.

U quyidagicha ishlaydi – imtiyoz olgan turoperator endi o‘z mijozlariga QQSni o‘z ichiga oladigan 120 miqdoridagi emas, faqat 100 miqdoridagi schyotlarni taqdim eta oladi, ushbu summaning hammasi uning daromadi hisoblanadi. Zo‘rmi? Quvonishga shoshilmang. O‘zR Soliq kodeksining 221-moddasi kayfiyatingizni tushirishi aniq: «Soliq solinmaydigan oborot uchun foydalaniladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha mahsulot yetkazib beruvchilarga va import bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmaydi, balki ushbu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymatida hisobga olinadi».