Turizm | 14:30 / 26.11.2025
2048
3 daqiqa o‘qiladi

Keksalar uchun turizm oyligi: O‘zbekistonda mehmonxona, transport va muzeylar uchun chegirmalar berilmoqda

Iroqdagi ommabop Agnaden News Network elektron nashri 1–30 noyabr - “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida O‘zbekistonda keksa avlod vakillari uchun ichki turizm bo‘yicha berilayotgan chegirmalar va yaratilgan imkoniyatlar haqida maqola e’lon qildi.

Iroqdagi ommabop Agnaden News Network elektron nashrida O‘zbekistonda 1–30 noyabr — “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning dam olish vaqtlarini maroqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida hududlar bo‘ylab ichki turizm yo‘nalishlarida turli sayohatlar tashkil etilmoqda.

Mamlakat bo‘ylab keksa avlod vakillarining sayohat qilishini rag‘batlantirish maqsadida 1–30 noyabr kunlari “Keksalar uchun turizm oyligi” e’lon qilingan. Ushbu oylik munosabati bilan joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) xizmatlari, transport, madaniy meros obektlari hamda muzeylarga qator chegirmalar joriy etilgani qayd etilgan.

Nashrdagi ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘ylab hududlarda faoliyat yuritayotgan mehmonxonalar keksa yoshdagi mehmonlar uchun xizmatlariga 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar taqdim etmoqda.

Shuningdek, Uzbekistan Airways AJ 60 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan oshgan ayollar uchun barcha ichki yo‘nalishlardagi iqtisodiy klass aviachiptalarga 15 foizgacha chegirma joriy etgan. Bu taklif aviakompaniyaning 2025 yil 1–30 noyabr kunlari amalga oshirilayotgan ichki parvozlariga taalluqli ekani ta’kidlanadi.

Materialda ta’kidlanishicha, “O‘zbekiston temiryo‘llari” ham keksa yoshdagi fuqarolar uchun barcha ichki yo‘nalishlardagi poyezdlarda (“Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlaridan tashqari) yo‘l haqining tarif qismidan 20 foiz chegirma e’lon qilgan.

Bundan tashqari, Madaniy meros agentligi tasarrufidagi davlat muzeylari va madaniy meros obektlariga kirish chiptalari uchun 10 foiz, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tasarrufidagi ziyoratgohlarga esa 20 foizgacha chegirmalar berilayotgani ham alohida qayd etilgan.

Iroq nashriga ko‘ra, ushbu tashabbuslar keksalarning faol hayot tarziga ega bo‘lishi, madaniy va tarixiy meros obektlariga sayohatlari orqali dam olishlari hamda turizm infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Mavzuga oid