Jahon | 22:31 / 26.09.2018
15278
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Rossiya bilan 26 yillik bahsni hal qildi

Foto: vesti.kz

Qozog‘iston sobiq ittifoq parchalangandan keyin Rossiya hududida qolib ketgan 141 ming tonna neftini qaytara oladigan bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasida ushbu masala bo‘yicha erishilgan kelishuv haqida Qozog‘iston energetika vaziri Kanat Bozumbayev ma'lum qildi. 

Uning aytishicha, neftning qaytarilishi bo‘yicha muzokaralar ikki davlat mustaqil bo‘lgandan beri, ya'ni 26 yil davomida olib borilgan.

Ta'kidlanishicha, Rossiyadagi “Omsk-Pavlodar” neft quvurida Qozog‘istonga tegishli 141728 tonna neft qolib ketgan. Bu neft “KazTransOyl” AJ balansida turgan. Qozog‘iston hududida esa “Tuymazi-Omsk-Novosibirsk” neft quvurida Rossiyaga qarashli 62048 tonna neft qolgan. Bu neft “TransNeft” balansida bo‘lgan. Neftni taqsimlash bo‘yicha uzoq vaqt davomida muzokaralar olib borilgan va oxir-oqibat kelishuvga erishilgan. Kelishuvga ko‘ra, Rossiyaga tegishli neft Qozog‘iston kompaniyasi hisobiga, Rossiyadagi qozoq nefti esa “TransNeft”ga o‘tkaziladi. Shundan keyin qolgan qozoq nefti bir necha oy davomida Qozog‘iston hududiga yetkaziladi.    

Ta'kidlanishicha, bir barrel neft narxi 75-80 dollarni tashkil qilayotgan bugungi kunda ushbu neftni eksport qilishdan olinadigan daromad 15-17 mlrd tengeni tashkil qiladi. Davlat esa bundan soliq ko‘rinishida 5 mlrd tenge oladi. 

Mavzuga oid