Xalq bilan muloqot bugun davlat idoralari ijro hokimiyatining eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Maqsad bitta, u ham bo‘lsa - xalq dardini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish va muammolarini o‘z vaqtida hal etishdir. Bu esa xalq manfaati barcha narsadan ustun deganidir.

Shu bois yurtimizda so‘nggi yillarda bu borada katta o‘zgarishlar yuz bergani bor gap. Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Vazirlik va idoralar, mansabdor shaxslarga elektron murojaat qilish imkoniyatlari yaratildi. «Ishonch telefonlari» samaradorligi oshirildi. Internetning imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda mansabdor shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘ydi.

Ayni vaqtda shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqish, muammolarni hal etishda jamoatchilik imkoniyatlaridan ham keng foydalanilmoqda va bu o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Bu xalq manfaati uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardir. Ammo asossiz shikoyatlaru murojaatlar ham uchrayotgani va ko‘payayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, murojaat va shikoyat qilishga har bir fuqaroning qonuniy haqi bor. Hech kim buni cheklay olmaydi. Lekin ba'zi me'yorlarni unutmaslik kerak.

«Yozaveraman, yozaveraman...»

Yaqinda kasbimiz taqozosi bilan shikoyat xatini o‘rganish yuzasidan bir mahallaga bordik. Mahalla fuqarolar yig‘ini jamoatchilik kengashi a'zolari, faollari mahallada turli kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgani, muhit buzilishiga bir shikoyatchi sabab bo‘layotganini bildirishgan.

O‘rganishimiz chog‘ida ma'lum bo‘lishicha, fuqarolardan biri oilasi uchun moddiy yordam so‘rab mahalla fuqarolar yig‘iniga ariza bilan murojaat qiladi. Belgilangan me'yor va mezonlarga to‘g‘ri kelmagani uchun mahalla qoshidagi komissiya yig‘ilishida ariza rad etiladi. Hammasi shundan boshlanadi.

Maqsadi hosil bo‘lmagan fuqaro bu borada boshqa tashkilotlarga shikoyat qiladi. Mutasaddilar tomonidan vaziyat bir necha bor o‘rganiladi va to‘g‘ri rad etilgani haqida xulosa qilinadi. Fuqaro esa ariza yozishda davom etadi. Turli tashkilotlar, Xalq qabulxonasiga bu masalada shikoyat xati beradi va komissiya a'zolarini nohaqlikda ayblaydi. Takroriy o‘rganishlaru shikoyatlardan charchagan mahalla faollari oxir-oqibat fuqaroga moddiy yordam berishga majbur bo‘ladi.

Aslida-chi? O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, moddiy yordam olayotgan oilada er ham, xotin ham oliy ma'lumotli. Yaxshi kasblarning mutaxassislari. Er davlat tashkilotida ishlaydi. Kattagina tomorqasi bor. Bir nafar yosh farzandi borligi tufayli turmush o‘rtog‘i vaqtincha ishlamaydi. Hammasini belgilangan me'yorlarga qo‘yib, arizani rad etgan komissiya a'zolari esa baloga qoladi. «Kelinglar, shu tinchisin» qabilida «amallab» moddiy yordam ko‘rsatishadi. Andisha qilishadi.