Germaniya sudi bolalarni zo‘rlashda vositachilik qilishda ayblangan kishini aybsiz deb topdi
26 sentabr kuni Germaniyaning Shimoliy Reyn — Vestfaliya federal hududi oliy sudi Chilida tashkil etilgan nemislar jamiyatining sobiq shifokori Xarmut Xoppni aybsiz deb topdi. Chili sudi uni bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llanishida vositachilik qilgani uchun 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilganidan so‘ng u Germaniyaga qochib ketgan.
1961 yilda Paul Shefer Chilida Dignidad diniy-agrar jamiyatiga asos soldi. Sobiq harbiy shifokor Shefer 1960-yillar boshida bolalarni zo‘rlash bilan bog‘liq ayblovlardan keyin Germaniyadan Lotin Amerikasiga qochib ketgan. Dignidad rasman xayriya tashkiloti hisoblangan, aslida esa pasport va puli yo‘q kishilar yashovchi yopiq yarim harbiy zona bo‘lgan.
1990-yillarda Chilida Dignidadda bolalarning zo‘rlashganiga oid xabarlarni o‘rganish ishlari boshlandi. Bundan tashqari, ma'lum bo‘lishicha, koloniya hududida Augusto Pinochet rejimiga qarshilar qiynoqqa solinib, o‘ldirilgan. Tergov Dignidadning bir necha rahbarini hibsga olish bilan tugagan. Sheferni 2006 yilda 25 bolani zo‘rlagani va qiynoq hamda qotilliklarda ishtirok etgani uchun 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilishgan. Shefer 2010 yilda 88 yoshda qamoqda vafot etgan, u umrining oxiriga qadar aybiga iqror bo‘lmagan. U tomonidan asos solingan jamiyat hanuz mavjud - hozir u "Villa Bavera" ochiq agrar zonasi hisoblanadi.
Xopp Sheferning eng yaqin hamtovoqlaridan biri hisoblanadi. 2011 yilda Chili sudi uni Dignidad koloniyasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish bo‘yicha 16 epizodda ishtirok etgani va vositachilik qilganligi uchun 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Xopp o‘z aybini rad etgan va hukm kuchga kirgunga qadar Germaniyaga qochib ketishning uddasidan chiqqan. U Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lgani bois ekstraditsiya qilinmagan. Chili hukumati Xopp unga nisbatan belgilangan 5 yillik qamoq jazosini Germaniyada o‘tashiga erishishga urindi.
Xoppning advokatlari oliy sudga apellyatsiya berishdi. Oxir-oqibat 2018 yilning 26 sentabrida Shimoliy Reyn-Vestfaliya Oliy sudi Xoppni hibsga olish qarorini bekor qildi, bunga uning Sheferga jinoyat sodir etishga ko‘mak berganiga oid dalillarning yetarli bo‘lmagani sabab sifatida keltirilgan. Bu so‘nggi qaror bo‘lib, uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Xoppning advokati Xelfrid Rubichek so‘nggi qaror uning mijoziga "nufuzi"ni qaytarishiga umid bildirdi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Xopp Krefeldda yakkalanib qolgan, uning uyi oldida norozilik namoyishlari o‘tkazilgan, Xoppning o‘zi esa haqoratlarga duch kelgan.
Dignidad koloniyasida jabrlanganlardan biri Vilfrid Xempel Shimoliy Reyn-Vestfaliya Oliy sudi Chili hukumati tomonidan taqdim etilgan 24 sahifali sud materiallarini inobatga olmagani va koloniyadagi jabrlanganlar so‘roq qilinmaganidan norozi. Xempel sudning so‘nggi qarorini katta xato deb hisoblamoqda.
Shuningdek bundestagning bir necha deputati ham sud qarorini tanqid qilgan.
Mavzuga oid
12:03
Samarqandda maktab o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024