O‘zbekiston | 19:08 / 27.09.2018
4129
8 daqiqa o‘qiladi

Kontrafakt matbaa mahsulotlariga qarshi kurash bo‘yicha qanday takliflar bildirilmoqda?

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

2018 yil 27 sentabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan O‘zbekiston respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi bilan hamkorlikda kontrafakt matbaa mahsulotlari ishlab chiqarilishining oldini olish, ular savdosiga qarshi hamkorlikda kurashish, ota-onalarni bu kabi mahsulotlarni xarid qilmaslikka chaqirish, bu jarayonga keng jamoatchilikni jalb etish maqsadida “Kontrafakt – sog‘lik, sifat va iqtisodiyot kushandasi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Aytib o‘tish kerakki, respublika hududiga kontrafakt matbaa mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish, tarqatish manbalarini aniqlash va bu jarayonlarning oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan doimiy ravishda turli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda respublika va hududiy teleradiokanallar, matbuot nashrlari, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam chiqishlar qilinayotganini alohida ta'kidlash lozim. Xususan, aholini kontrafakt mahsulotlaridan ogohlikka chaqiruvchi mavzuda bir nechta ijtimoiy roliklar tayyorlanib, efirga uzatildi.

– Bugungi kunda muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va samarali tatbiq etib kelinayotgan Harakatlar strategiyasi doirasida jamiyatimizning barcha sohalarida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda, - deydi O‘zMAA Bosh direktori L.Tangriyev. – Xususan, ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan 10dan ortiq qonun hujjatlari ishlab chiqildi va qabul qilindi. Nashriyot-matbaa ijodiy uylari, noshirlarimiz turli xalqaro miqyosdagi ko‘rgazma va boshqa tadbirlarda ishtirok etib, yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda. Umuman olganda sohaga zamonaviy texnologiyalar kiritilmoqda, innovatsion g‘oyalar tatbiq etilyapti. Bular, albatta, quvonarli, ammo sohada yetarlicha xatolarning mavjudligi, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi achinarli hol.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

Ma'lumot o‘rnida aytish zarurki, bugungi kunda mamlakatda faoliyat olib borayotgan matbaa korxonalarining umumiy soni 1718 tani tashkil etadi. Shulardan 82 tasi kitob va darsliklar, 294 tasi davriy bosma nashrlar, 51 tasi daftar, 91 tasi kantselyariya va blanklar, 385 tasi reklama, 815 tasi esa boshqa yo‘nalishdagi matbaa mahsulotlarini chop etishga ixtisoslashgan. Mazkur korxonalarning 992 tasi (57,7 foizi) Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 726 tasi (42,3 foizi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlar hududlarida joylashgan.

– Agentlikda bu sohada yetarlicha mutaxassislar mavjudligini hisobga olib, ular tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda DSQ xodimlari, albatta, ishtirok etadi va aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi, – deydi DSQ bosh inspektori I.Ergashev. – Kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, ularning savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun, aniqroq qilib aytganda asarlar yoki turdosh huquqlar obektlaridan noqonuniy foydalanish, shu barobarida asarlar yoki turdosh huquqlar obektlarining kontrafakt nusxalarini tayyorlash, tarqatish, omma e'tiboriga yetkazish yoxud asarlar yoki turdosh huquqlar obektlarining kontrafakt nusxalarida tayyorlovchilar, ishlab chiqarish joylari, shuningdek mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalari haqida yolg‘on ma'lumotlarni ko‘rsatganlik uchun “Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksga ko‘ra, fuqarolarga – eng kam oylik ish haqining 1 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinishi belgilab qo‘yilgan, – deya o‘z so‘zini yakunladi I.Ergashev.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

Hozirda qonuniy asosda faoliyat yuritib, jamiyat va mamlakat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan va bu orqali yaxshigina daromadga ega bo‘layotgan korxonalar soni talaygina, ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, sohada qonun talablarini mensimaydigan, shaxsiy manfaat yo‘lida davlat iqtisodiyoti va kishilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishdan toymaydigan “uchar”lar ham uchrab turadi.

Agentlik tomonidan 2018 yilning o‘tgan davrida o‘ndan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, Navoiy viloyatida yakka tartibdagi tadbirkor G. Isayeva “Bayoz” nashriyoti grifi ostida chop etilgan qalbaki kitob savdosi bilan shug‘ullangan. Qashqadaryo viloyati Qamashi shahrida joylashgan “Kitoblar durdonasi” do‘konida esa qo‘lbola usulda tayyorlangan maktab darsliklari sotilayotgani aniqlangan. Yoki “Smart Brain” OK, “Sun Trade Group”, “Brok class servis” va “Qog‘oz Kapital Biznes” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan davlat standartlariga zid ravishda ishlab chiqarilgan 12 hamda 48 varaqli daftarlar poytaxt bozorlarida sotuvga chiqarilgan. Toshkent shahridagi “Chorsu” bozori atrofida joylashgan savdo do‘konlari va rastalarida, Toshkent viloyati hududida joylashgan “Ilm shu'lasi” ulgurji bozorida ham bir qator faktlar aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.

Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, bozor va savdo rastalarida turli xildagi sifatsiz, milliy ma'naviyatimizga zid, “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib etuvchi mahsulotlar savdosi kamaymayotgani kuzatilmoqda. Ayniqsa, maktab bozorlarida xorijiy mamlakatlardan keltirilayotgan mahsulotlar kelajak avlod ongi va ruhiyatiga, ta'lim-tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi bilan tashvishlidir.

Bunday holatlarning yuzaga kelishi, avvalo, ayrim olg‘ir tadbirkorlarning nafsga qul bo‘lib, yashirin sexlarda o‘zganing mahsulotidan nusxa ko‘chirib, soliqdan qochib, savdo qilayotganligi, ko‘proq foyda olish uchun standartda belgilangandan ko‘ra, yengil va sifatsiz qog‘ozni ishlatayotganligi, turli qing‘ir yo‘llar bilan xorijdan milliy standartlarimizga zid mahsulotlar kirib kelayotganligi bilan bog‘liq.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan kontrafakt matbaa mahsulotlari ishlab chiqarilishi va savdosiga qarshi kurash bo‘yicha quyidagi takliflar kiritildi:

- kontrafakt matbaa mahsulotlar ishlab chiqarilishining oldini olish, ota-onalarni ularni xarid qilmaslikka chaqirish, bu mahsulotlar yetkazishi mumkin bo‘lgan zararlar haqidagi ijtimoiy roliklarni tayyorlash, ularni televideniye, radio, bosma nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqatish;
- kontrafakt matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarganlik yoki uning savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun jarima miqdorini oshirish;
- ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish;
- bosmaxona-nashriyot-xaridor o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzilishini yo‘lga qo‘yish;
- Matbuot va axborot agentligi, DSQ, “O‘zstandart” agentligi va boshqa mutasaddi vazirlik hamda idoralar uchun yagona monitoring o‘tkazish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek uni amalga kiritish.

Mavzuga oid