O‘zbekiston | 11:41 / 27.09.2018
5116
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi

Foto: IIV axborot xizmati

O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish uchun joriy yilning 25 sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi turk hamkorlarning taklifiga binoan Anqara shahriga (Turkiya) tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi 26 sentabr kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari D.Nazarmuxamedov, turkiyaliklar delegatsiyasiga Turkiya ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Muxterema Inju rahbarlik qildilar.

Tadbir doirasida ikkala davlat Ichki ishlar vazirligi vakillari tomonidan terrorizm, noqonuniy migratsiya va odam savdosi, uyushgan jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yuzasidan ikki tomonlama hamkorlikdagi ishlarning bugungi holati va kelajak istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur yig‘ilish yakuni bo‘yicha 2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik Bayonoti imzolandi. Unda terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya, qurol va narkotik moddalar aylanmasi, uyushgan jinoyatchilik, iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, qidiruv ishlarini amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirish va tajriba almashish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha Turkiya tajribasini o‘rganish maqsadida, O‘zbekiston delegatsiyasi Anqara va Istanbul shaharlari politsiya departamentining ish faoliyati bilan ham tanishdilar.

Mavzuga oid