20:59 / 28.09.2018
50109

Xitoyning eng katta haq oluvchi aktrisasi izsiz g‘oyib bo‘ldi

Xitoyda mamlakatning eng katta haq oluvchi aktrisasi – 37 yoshli Fan Binbin yo‘qolib qoldi. “Iks odamlar” va “Temir odam” filmlarining yulduzi yaqinlari bilan oxirgi marta muloqot qilgani va onlayn paydo bo‘lganiga 3 oy bo‘lgan.

Aktrisa telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermayapti, ijtimoiy tarmoqlarga kirmayapti. Uning qayerdaligi va umuman tirikmi-yo‘qligi noma'lum.

Foto: instagram/fanbingbing_official

“Ko‘p muxlislarga, yuqori daromad va katta ta'sirga ega bunday odam 2018 yilda zamonaviy, ochiq Xitoyda birdan izsiz yo‘qolib qoldi. Bu katta muammodir”, deb yozgan kolumnist Shi Shusi.

Jurnalistlar aktrisa g‘oyib bo‘lishining turli versiyalarini bildirishmoqda. Ulardan biriga ko‘ra, Binbin soliq idoralaridan yashirinmoqda. Kinoyulduzda soliqlarni to‘lamaslik bilan muammo joriy yozda boshlangan. Ijtimoiy tarmoqlarda uning xufiyona shartnomalari e'lon qilingan: Binbin filmlardan biridagi ishtiroki uchun deyarli 8 mln dollar olgan, ammo qog‘ozda 1,6 mln dollar olganini ko‘rsatgan. Shu sababli Xitoy hukumati aktrisaga ijtimoiy mas'uliyatlilik reytingi bo‘yicha nol ball bergan. 

Yana bir taxminga ko‘ra, Xitoy kompartiyasi a'zosi bo‘lgan aktrisa intizomni tekshirish markaziy komissiyasi tergovi ostiga tushgan bo‘lishi mumkin. Bu xizmat yashirincha ishlaydi, uning o‘z tergov izolyatorlari va tergovchilari bor bo‘lib, advokatlarning tergov jarayonida ishtirok etishi ko‘zda tutilmaydi. Biroq aktrisa bilan bog‘liq holda uning karerasiga putur yetkazmaslik maqsadida maxfiylik zarurdir.

“Bunday odamning yo‘qolishi ehtimol birinchi bor yuz bermoqda. Chunki odatda mansabdor shaxslar yo‘qolib qolishadi”, deb aytgan xitoyshunos Vita Spivak.

Foto: instagram/fanbingbing_official

Aktrisaning yo‘qolishi Xitoydan qochib ketgan, hozirda AQShda yashovchi milliarder Go Vengyuy bilan ham bog‘lanmoqda. Business Insider nashrining ta'kidlashicha, Binbin milliarderga qarshi sud jarayoni boshlagan. Vengyuy aktrisa Xitoy vitse-prezidenti Van Tsishan bilan aloqaga ega bo‘lgani hamda ko‘chmas mulk bilan noqonuniy bitimlar va poraxo‘rlikka aralashgan bo‘lganini ta'kidlagan. Aktrisa esa bu ayblovlarni yolg‘on deb atab, 2017 yil iyulda Vengyuy ustidan sudga shikoyat qilgan. 

Milliarderning o‘zi esa aktrisaning yo‘qolishini Xitoy hukumati vitse-prezidentni “chetlatish” uchun qo‘llayotgani bilan bog‘lagan. 

Biroq aktrisa g‘oyib bo‘lishi taxminlarining birortasi tasdiqlanmagan.

Top