Jahon | 11:03 / 28.09.2018
7369
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning bojlari sababli Ford Motor 1 mlrd dollar zarar ko‘radi

Foto: REUTERS/Rebecca Cook

Ford Motor Co. bosh direktori Jim Xekett Donald Tramp tomonidan alyuminiy va po‘lat olib kirishga boj joriy etilishi kompaniyaga 1 mlrd dollar zarar keltirishini aytganidan so‘ng Ford aksiyalari narxi 1%ga tushdi.

«Ford hisob-kitobiga ko‘ra, metallarga kiritilgan tariflar bizni 1 mlrd dollarga yaqin daromaddan mahrum qiladi. Agarda kirish bojlari amal qilishda davom etsa, zarar bundan-da kattaroq bo‘ladi», deya Jim Xekettning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Reuters.

Ford AQShda avtomobil ishlab chiqarish uchun foydalanadigan po‘lat va alyuminiy mamlakatning o‘zida tayyorlanadi, ammo Xekett xorij mahsulotlariga boj kiritilishi AQShda xomashyo narxi oshishiga olib kelishini bildirdi.

Tramp ma'muriyati mart oyida import po‘latga 25 va alyuminiyga 10 foizlik boj kiritdi. Oq uy bu qaror AQSh milliy xavfsizligini ta'minlash uchun qabul qilinganligini ta'kidladi.  

IHS Markit kompaniyasi mutaxassislarining taxminicha, agarda Tramp ma'muriyati tariflarni global miqyosda joriy etadigan bo‘lsa, bu AQSh avtosanoati va mamlakat iqtisodiyoti uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqaradi.

Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, bojlar bo‘yicha tartibning to‘liq amalga oshirilishi yangi avtomobillar narxining 1800-5700ga ko‘tarilishiga va 2020 yilga kelib sotuvning taxminan 2,2 mln donaga kamayishiga olib keladi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid