15:40 / 29.09.2018
3564

Yevroparlament a'zosi O‘zbekistonda inson huquqlari himoyachilari bilan uchrashdi

Yevroparlamentning «Yevropada liberal va demokratlar ittifoqi» partiyasi vitse-prezidenti Ilhan Kyuchyuk va Shvetsiya xalqaro liberal markazi axborot xizmati rahbari Asa Nilson Soderstrom O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Kyuchyuk va Soderstrom dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan uchrashdi. Ularga O‘zbekistondagi islohotlar, inson huquqlarini himoya qilish va ushbu yo‘nalishda uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish mexanizmlari haqida batafsil ma'lumotlar berildi.

Shuningdek, yevropalik mehmonlar O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan mustaqil huquq himoyachilari, nodavlat notijorat tashkilotlar a'zolari bilan Qo‘qon, Andijon va Toshkent shaharlarida suhbatlar o‘tkazgan.

Toshkentdagi uchrashuvlarda Inson huquqlari va demokratiya instituti, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbarlari, «Ezgulik» va boshqa nodavlat notijorat tashkilot a'zolari ham ishtirok etishgan.

«Biz uchrashuvlar davomida ko‘p rasmiy shaxslar, shuningdek mustaqil institut rahbarlari bilan suhbatlashib amin bo‘ldikki, ijobiy islohotlar natijasini bermoqda. Shunga qaramay, o‘rta va quyi bo‘g‘indagi ayrim rahbarlarning sustkashlikka yo‘l qo‘yishi, o‘zgarishlar borasida Prezident kabi shijoat va jonkuyarlik ko‘rsatmayotganligi kuzatilmoqda. Lekin hech narsa birdan paydo bo‘lmaydi. Demokratiyani qurish va uni saqlab qolish vaqt va sermashaqqat harakatlarni talab etadi», deydi Shvetsiya xalqaro liberal markazi vakili Asa Nilson Soderstrom.

Shuningdek, «Yevropada liberal va demokratlar ittifoqi» partiyasi vitse-prezidenti Ilhan Kyuchyuk ham O‘zbekistonga kelib, ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lgani haqida gapirdi.

«Haqiqatan, ijobiy o‘zgarishlar, islohotlarning katta ko‘lamda boshlanganiga guvoh bo‘ldim. Ammo bu borada hali qilinadigan ishlar bor. Endilikda boshlangan harakatlar bardavom bo‘lishi lozim. Yevroparlament a'zosi sifatida aytishim mumkinki, O‘zbekistondan kelayotgan ijobiy mazmundagi siyosiy belgilar, mintaqada Yevropa-O‘zbekiston hamkorligini yanada jadallashtirishga undaydi. Agar mamlakat islohotlarni muvaffaqiyatli yakunlab, rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tishni istasa, o‘zgarishlarga tizimli yondashuvni tatbiq etish kerak. Masalan, inson huquqlarini himoya qilish, ushbu sohada qilinadigan ishlar ko‘p, bu esa umumiy maqsadga yetishishda katta yordamchi bo‘ladi», deydi Kyuchyuk.

Ma'lumot uchun, partiya vitse-prezidenti Ilhan Kyuchyuk bundan avval ham Yevroparlament binosida o‘zbekistonlik ijtimoiy tashkilotlar vakillari bilan uchrashgandi.

Top