Jahon | 14:32 / 01.10.2018
6956
3 daqiqa o‘qiladi

Har kuni 830 nafar ayol farzand dunyoga keltirish jarayonida vafot etadi

Yevropa mintaqasida aholi o‘sish dinamikasini o‘rganish zarur. Bu esa inson huquqlari, shu jumladan, reproduktiv huquqlar va gender tengligini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni kuchaytirishni taqozo etadi. Jyeneva shahridagi BMT ofisida ish boshlagan ICPD25+ (International Conference Population and Development - Aholi va taraqqiyot xalqaro anjumani) konferensiyasida UNECE (BMT Yevropa iqtisodiy masalalar komissiyasi) ana shu masala muhokamasiga bag‘ishlangan. Bu haqda tadbirda ishtirok etayotgan KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.

1-2 oktabr kunlari bo‘lib o‘tilishi belgilangan anjumanda ishtirok etish uchun 250 nafar delegat, BMTning Yevropa iqtisodiy masalalar komissiyasiga a'zo 40dan ortiq davlat vakillari, 45ta nodavlat notijorat tashkiloti a'zolari, imkoniyati cheklagan shaxslar, etnik kamchilikni tashkil qiluvchi birlashmalar va OAV vakillari Jyenevada yig‘ilgan.

«Keyingi ikki kun ichida biz aholishunoslik oldida turgan asosiy masalalar, jumladan, 25 yil avval Qohira anjumanida qabul qilingan maqsadlar sari harakatlarning sarhisobini ko‘rib chiqamiz», deydi UNFPA (BMT Aholishunoslik jamg‘armasi) ijrochi direktori o‘rinbosari Derejye Vordofa.

UNECE va UNFPA tashkilotlari tashabbusi bilan ICPD anjumanining asosiy mavzusi sifatida yoshlar ishsizligi, gender tenglik, demografik o‘sish va ayollar reproduktiv salomatligi kabi masalalar tanlab olingan.

Ma'lum qilinishicha, dunyo bo‘ylab har kuni 830 nafar ayol farzand dunyoga keltirish jarayonida vafot etadi. Bunday hodisalarning deyarli yarmi ijtimoiy-siyosiy inqirozlar ko‘chasiga kirib qolgan jamiyatlarda kuzatilmoqda. UNFPA ma'lumotiga ko‘ra, har ikki daqiqada tug‘ruq payti vafot etgan ayol ro‘yxatga olinadi. Shu tufayli ayollar reproduktiv salomatligi muhokamasi kun tartibida alohida belgilab qo‘yilgan.

Anjumanda ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhammedova ICPD maqsadlariga erishish yo‘lida mamlakatda bajarilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berishi kutilmoqda. Shuningdek, anjumanda ishsizlik va aholi sonining ortib borishi, bu ko‘rsatkichlarning iqtisodiy rivojlanishga nomuvofiqligi masalalari ham ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Alisher Ro‘zioxunov,

KUN.UZ muxbiri, Jyeneva.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid