O‘zbekiston | 15:05 / 01.10.2018
6466
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Ozarboyjon tarixi va davlatchiligi muzeyi ochildi (suratlar)

Toshkent shahridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon Madaniyat markazida rekostruktsiya ishlaridan keyin "Ozarboyjon tarixi va davlatchiligi" nomi ostidagi muzeyning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markaz vakillari KUN.UZ'ga shu haqida xabar berishdi. 

Shuni ta'kidlash lozimki, tarix va madaniyat muzeyining ochilishi Ozarboyjon Demokratik Respublikasining 100 yilligi va mamlakat mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan. 

Muzeyning ochilish marosimida O‘zbekistonning yetakchi kutubxonalari rahbar va xodimlari, O‘zbekiston-Ozarboyjon Do‘stlik jamiyati, Toshkent shahri oliy maktablari o‘quvchilari, poytaxtda yashovchi  ozarboyjonliklar va OAV vakillari ishtirok etishdi. 

Madaniyat markazi foyesida ishtirokchilarga "100 yillik Respublikamiz" nomli fotoko‘rgazma namoyish etildi. 

Tadbirni Markaz direktori, Ozarboyjon elchixonasi birinchi kotibi Samir Abbosov ochib berdi va Ozarboyjon xalqining qadimiy tarixi, moddiy-madaniy yodgorliklari, boy an'analari, adabiyoti va musiqiy tarixi bilan faxrlanishini ta'kidladi. 

Samir Abbosovning so‘zlariga ko‘ra, muzey faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad - o‘zbek xalqiga Ozarboyjon xalqining qadimiy tarixi va boy madaniyatini yetkazib berish va targ‘ib qilish. 

O‘zbekiston Davlat tarix muzeyi direktori Jannet Ismoilova Ozarboyjon tarixi va davlatchiligi muzeyining ochilishini tarixiy voqea deb atadi hamda muzey qardosh Ozarboyjon xalqi, uning davlatchiligi, an'analari haqida ma'lumot olishni istagan insonlar uchun birinchi axborot manbai sifatida xizmat qilishini ta'kidladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Davlat tarix muzeyi hamda Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon Madaniyat markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. 

Muzeyning ochilishi marosimi kichik konsert dasturi va milliy raqslar namoyishi bilan to‘ldirildi. 

Mavzuga oid