O‘zbekiston | 22:08 / 06.10.2018
4822
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy bank va Fransiyaning NATIXIS banki o‘rtasida 500 mln. yevrolik shartnomalar imzolandi

Foto: Milliy bank

2018 yil 5 oktabr kuni Parijda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi arafasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Milliy banki va NATIXIS banki 500 mln. yevrolik kredit bitimlarini imzoladi.

Bitimlar eksport-kredit agentliklari kafolati ostida Fransiya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan yuqori texnologiyalar va xizmatlarni kichik biznes sub'yektlari va xususiy tadbirkorlarga yetkazib berish bo‘yicha investitsion loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishni nazarda tutadi.

Kelishuvlarga ko‘ra, bitimlar doirasida eksportni moliyalashtiruvi loyihalarini amalga oshirish hamda Yevropa kapital bozoriga kirishda ko‘mak berish hamda strategik loyihalarni amalga oshirish uchun kreditlar ajratishni ko‘zda tutadi.

NATIXIS banki bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojlanishiga omil bo‘ladi, shuningdek, maqbul shartlarda uzoq muddatli kredit resurslarini jalb etish va O‘zbekistonda biznes qilish uchun yangi investitsion imkoniyatlarni yaratadi.

NATIXIS (Natiksis) – Fransiyaning eng yirik korporativ va investitsiya banklaridan biri bo‘lib, BPCE Group tarkibiga kiradi hamda mamlakatda kattaligi jihatidan to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Mavzuga oid