Sud ijrochilari ko‘z o‘ngida qotillik yuz berdi
Oila qurish, u xoh qonuniy, xoh shar'iy bo‘lsin, har ikki yoshga o‘ziga yarasha mac'uliyat yuklaydi, deb yozadi “Huquq” nashri.
1991 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan Mansur Kenjayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) onasi topib bergan qizga shar'iy nikoh bilan uylangach, ro‘zg‘or tebratish tashvishiga tushdi. Tayinli hunari bo‘lmagani sababli, Chirchiq shahriga kelib, dehqon bozorida aravakashlik bilan shug‘ullana boshladi.
Avvaliga risoladagidek yashagan yoshlarning o‘rtasiga ko‘p o‘tmay, sovuqchilik tushdi. Er birni aytsa, xotini ikki bilan javob qaytardi. Orada xotini ikki-uch bor ota uyiga ketib ham qoldi. Mahalla hamda ota-onalar o‘rtaga tushib, ularni yarashtirib qo‘yishdi. Ammo oilaviy janjallar tugamadi. Mansur xotiniga qo‘l ko‘tarishgacha bordi. Natijada sud tomonidan jarima jazosiga tortildi.
Ko‘p o‘tmay ular yarashib, yana birga yashay boshlashdi. Biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi. Janjallar yana avj oldi, xotini uyiga ketib qoldi. Bu paytga kelib, xotini o‘ziga tegishli mol-mulkni qaytarishni so‘rab, sudga murojaat qildi. Sud tomonidan uning da'vosi qanoatlantirildi.
2017 yilning bahori. Mansur bozorda arava tortib yurganida, uyidan chaqirib qolishdi. Uni xotini bilan qaynsinglisi hamda sud ijrochilari kutib olishdi. Sud ijrochilari o‘zlarini tanishtirib, sud qarori ijrosi yuzasidan kelishganini aytishgan edi, u roziligini bildirib, indamay bir chetga o‘tirdi. Ijrochilar xatlovni boshlashdi.
Bir mahal xotini ayrim buyumlari eskirib, urinib qolganini aytib, yangisini olib berishni talab qila boshladi. Unga singlisi ham qo‘shildi. Shu paytgacha jim o‘tirgan Mansur to‘satdan asabiylasha boshladi. Qulog‘iga gap kirmay, miyasida turli fikrlar charx ura ketdi. Xonada nimalar bo‘layotganini idrok etolmay, yon-atrofiga alangladi-yu, ko‘zi bir chetda yotgan pichoqqa tushdi. U pichoqni qanday oldi, qanaqa qilib qaynsinglisining ko‘ksiga sanchdi, o‘zi ham bilmay qoldi. Qaynsinglisi eshik tomon qochganida esa qo‘rquvdan dong qotgan xotiniga yuzlandi-da, endi unga pichoq bilan tashlandi. Xotini yiqilganidan keyin ham unga ketma-ket zarba berdi. Qimirlamay qolgach, pichoqni tashlab yubordi. O‘zi tashqariga chiqib, bir chetga o‘tirdi.
To‘satdan yuz bergan hodisadan dahshatga tushgan ijrochilarning biri militsiyaga, boshqasi tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi. Yana biri esa mashinasida borib, qishloq tez tibbiy yordam shoxobchasi feldsherini olib keldi. Feldsher opa-singilni tekshirib ko‘rgach, o‘lim holatini qayd etdi. Ko‘p o‘tmay, tez yordam hamda ichki ishlar xodimlari ham yetib kelishdi.
Sud jahlini jilovlay olmay, arzimagan buyumlarni deb, ikki insonning hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sababchi bo‘lgan Mansur Kenjayevga 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Mavzuga oid
18:12 / 09.11.2024
Bir chuqurdagi ikki murda – Payariqdagi qotillik tafsiloti
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
19:18 / 02.11.2024
Archazordan topilgan odam boshi – Qo‘shtepadagi qotillik tafsiloti
20:01 / 01.11.2024