O‘zbekiston | 20:58 / 06.10.2018
10708
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda shamoldan elektr energiya ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Surxondaryo viloyati Boysun tumani / Foto: KUN.UZ

Bugun, 6 oktabr kuni Surxondaryo viloyat hokimligida Turkiyaning “ETKA CO ENERJI” AŞ hamda Toshkentdagi “ShAMS” ilmiy markazi vakillari Zulfiqor Ustungar va Zafar Shermatov bilan bo‘lgan muloqotda ushbu kompaniya tomonidan Boysun tumanida 600 mVt. elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladigan shamol energiyasini ishlab chiqarish loyihasi haqida so‘z yuritildi. Bu haqda hokimlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berilmoqda.

Xabarda aytilishicha, muloqotda “ETKA CO ENERJI” AŞ kompaniyasi “ShAMS” ilmiy markazi bilan hamkorlikda Boysun tumanining tog‘li hududida shamol elektr stansiyasini qurish va muqobil elektr energiya ishlab chiqarish uchun umumiy qiymati 1 mlrd AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish to‘g‘risida kelishib olindi.

Bundan tashqari, shamol energiyasi uskunalari va jihozlarini o‘rnatish, loyiha ishga tushgach ishlab chiqarilgan elektr energiyani hozirgidan 10 foiz arzonlashtirilgan holda sotish, shuningdek, loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa tashkiliy masalalar bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Hokimlikning bildirishicha, ushbu yirik loyihani 2020 yilgacha foydalanishga topshirish rejalashtirilayotgan bo‘lib, buning natijasida Boysun va Sherobod tumanlaridagi iste'molchilarni muqobil elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash sifati yanada oshadi hamda yuzdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid