O‘zbekiston | 19:32 / 08.10.2018
6107
4 daqiqa o‘qiladi

Birlamchi tibbiyot muassasalaridagi tor mutaxassislar yetishmovchiligi 2020 yilgacha to‘liq bartaraf etiladi

Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Tibbiy ta'limdagi islohotlar – sog‘liqni saqlash tizimini taraqqiy ettirishning muhim mezonlaridan biri” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda vazirlik mutasaddilari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektor va direktorlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Anjumanda qayd etilganidek, hozirda hududlardagi tibbiyot muassasalarini malakali shifokorlar bilan ta'minlashda davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari bo‘yicha qabul yo‘lga qo‘yilgani ham e'tiborga loyiq. Chunonchi, 2017 yilda 1180 ta, joriy yilda 1548 ta kvota shakllantirildi.

Foto: Milliy matbuot markazi

Maqsadli tayyorlanayotgan kadrlar 3 yildan 10 yilgacha muddatda tegishli hududlarda ishlab berishadi. Bundan tashqari, pensiyaga chiqqan mutaxassislar malakasini oshirib, ishga jalb etilishi, xorijdagi mutaxassislarimizning yurtimizga qaytib, faoliyat yuritayotgani, joriy yilda o‘quv yilining qisqarishi evaziga ikkita kursning o‘qishni tamomlashi kabi omillar ham sohadagi kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etishda qo‘l kelayotir.

– Ushbu chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Sirdaryo viloyatlarida umumiy amaliyot shifokoriga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplandi. Qolgan hududlarning ham bu boradagi ehtiyoji 2019 yil bitiruvchilari hisobidan qoplanadi. Birlamchi tibbiyot muassasalaridagi tor mutaxassislar yetishmovchiligi klinik ordinatura, magistratura, qisqa muddatli qayta tayyorlov kurslari bitiruvchilari hisobiga 2020 yilgacha to‘liq bartaraf etiladi, – dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Tibbiy oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ham vazirlik diqqat-markazida bo‘lib kelyapti. Jumladan, 7 ta tibbiyot oliygohi obektlariga 57,6 mlrd. so‘m, shuningdek, uchta tibbiyot oliygohlarining klinikalariga 35 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, qurilish-ta'mirlash ishlari jadallik bilan olib borilyapti.

Foto: Milliy matbuot markazi

Respublikadagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari 20 dan ortiq xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan xamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.  

Joriy o‘quv yilida Toshkent davlat stomatologiya institutida Moskva davlat tibbiyot-stomatologiya universitetining “Stomatologiya” va Italiyaning Turin politexnika universitetining “Biotibbiyot muhandisligi” ta'lim yo‘nalishlari ochildi. 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Janubiy Koreyaning Indjye universiteti Ilsan gospitali bilan “Travmatologiya va ortopediya” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma dastur asosida Toshkent pediatriya tibbiyot institutida magistrlarni tayyorlash haqida kelishuv imzolandi va ta'lim jarayonini boshlash rejalashtirilgan. 

Shuningdek, ushbu institutda “Pediatriya ishi” ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma dastur asosida halqaro fakultetda talabalarni tayyorlash yuzasidan Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan kelishuv imzolandi.

Foto: Milliy matbuot markazi

Hozirda O‘zbekistonda 7 ta oliy tibbiy ta'lim muassasasi va ularning 4 ta filialida malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 2018 yil ushbu oliy ta'lim muassasalarini bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 2000 nafar talaba tugatib ishga yo‘llanma olgan bo‘lsa, 4395 nafar yigit-qizlar talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid