Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorazmda chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo‘layotgani rad etildi
Internet tarmog‘ida “Xorazmda chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo‘lmoqda” sarlavhasi ostida tarqatilgan ma'lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Davlat veterinariya qo‘mitasi tomonidan Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda joyiga chiqib epizootik surishtiruv va o‘rganishlar olib borildi, deb xabar qilmoqda Davlat veterinariya qo‘mitasi axborot xizmati.
Xorazm viloyatining Yangiariq tumani “Gulobod” qishlog‘i hududida 1860 xonadon mavjud bo‘lib, ular qaramog‘ida parvarishlanayotgan 6228 bosh yirik shoxli va 3960 bosh mayda shoxli mollar ro‘yxatga olingan hamda ro‘yxatga olingan chorva hayvonlarining barchasida epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar belgilangan grafikka muvofiq, hayvonlarning immun fonidan kelib chiqib, amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Yangiariq tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, “Gulobod” qishlog‘ida chorvachilik fermer xo‘jaliklari mavjud emasligi aniqlandi.
2018 yilning 7 oktabr kuni tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan “Gulobod” qishlog‘i hududidagi mavjud chorva hayvonlari birma-bir klinik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularda yuqumli kasalliklar, xususan, nodulyar dermatit kasalligiga xos bo‘lgan klinik belgilar kuzatilmadi. Klinik ko‘rik jarayonida 8 bosh ginekologik, 13 bosh xirurgik va 3 bosh oziqadan zaharlanish hamda 7 bosh shamollash kasalliklariga chalingan qoramollar kuzatilib, ularda yo‘riqnomalarga muvofiq belgilangan tartibda davolash ishlari amalga oshirilayotganligi ma'lum bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida hududda 3 bosh qoramol nobud bo‘lgan. Nobud bo‘lgan qoramollar patologik (yorib ko‘rish usuli orqali) o‘rganilganda “Travmatik perikardit” va “Jigar tserrozi” kasalliklari oqibatida nobud bo‘lganligi tasdiqlangan.
Shuningdek, “Gulobod” hududidagi qoramollarda nodulyar dermatit kasalligiga qarshi rejali ravishda profilaktik emlash ishlari o‘tkazilgan bo‘lib, emlangan hayvonlarning 14 boshida emlashdan keyingi asoratlar kuzatilgan va ularda simptomatik (asoratlarni yo‘qotishga qaratilgan) davolash ishlari o‘tkazilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda joyida haqiqiy holatni o‘rganish natijalariga asoslangan holda “Xorazmda chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo‘lmoqda” sarlavhasi ostida tarqatilgan ma'lumotlar asossiz ekanligi va tasdig‘ini topmaganligi ma'lum qilingan.
Qoramollarning nodulyar dermatit kasalligi (Dermatitis nodularis bovum, zaraznyy uzelkovyy dermatit) – davomli isitma, limfa tizimining zararlanishi, teri osti to‘qimalari va ichki organlar shishi, terida tugunchali toshmalar, nekrozlanuvchi o‘choqli teri bo‘rtmalari (g‘adir-budur shish) hosil bo‘lishi, ko‘z va nafas hamda hazm qilish organlari shilliq pardalarining zararlanishi bilan tavsiflanuvchi kontagioz infeksion kasallik hisoblanadi.
Qayd etilishicha, odamlar nodulyar dermatit kasalligi bilan kasallanmaydi.
Hayvonlar nodulyar dermatit kasalligini dermatofilyozdan (po‘st bilan qoplangan va teri qoplamining yuza qavatlarida bo‘rtib turuvchi papulalar hosil bo‘lishi bilan tavsiflanuvchi terining surunkali jarohatlanishi), hasharotlar chaqishiga teri reaksiyasidan (og‘riqli jarohatlar yaxshi seziladi, yallig‘lanish bo‘rtiqchasi bilan chegaralanmagan, bo‘rtmalar yumshoq va yoyilgan), so‘na lichinkasi jarohatlaridan farqlash lozim.
Mavzuga oid
21:57 / 24.06.2026
Kongodagi hozirgi Ebola epidemiyasi tarixdagi eng keng ko‘lamlisi bo‘ldi - JSST
16:23 / 24.06.2026
Xorazmda ham jamoat transportida to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
08:45 / 23.06.2026
Farg‘ona va Xorazmda narkotik moddalar qo‘lga olindi
11:40 / 08.06.2026