Kattaqo‘rg‘on tumanida bir oila 3,5 oydan buyon elektr energiyasiz qolmoqda. MIB aybdormi?
«Kun.uz» tahririyatiga Kattaqo‘rg‘on tumani «Yangi hayot» mahallasida yashovchi Feruz Zokirov tomonidan murojaat kelib tushdi. Uning ta'kidlashicha, 7 kishidan iborat oilasi uch yarim oydan buyon elektr energiyasisiz qolgan. Murojaatchi bunga sabab qilib Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi xodimlari tomonidan xonadonni elektr tarmog‘idan nohaq uzganligini ko‘rsatadi.
Ushbu vaziyat joyiga borib o‘rganildi. Ma'lum bo‘lishicha, 2018 yil 21 iyul kuni MIB inspektori Elmurod Mardonov «Yangi hayot» mahallasi raisi Erkin Elmurodov bilan birga kelib, xonadonning elektr hisoblagichini ko‘zdan kechiradi va hisoblagich ishlamayotganini qayd etib, dalolatnoma asosida elektr tarmog‘idan uzadi.
«Bu payti biz uyda emasdik, faqat onam uyda bo‘lgan. Onamning gaplariga quloq solishmagan. Dalolatnoma tuzishda guvoh sifatida qatnashgan mahalla raisi Erkin Elmurodov dalolatnomaga imzo qo‘ymagan. Shu bilan MIB xodimlari 431323 so‘m moddiy zarar, 861200 so‘m jarima, 344480 qayta ulash uchun deb, jami 1637003 so‘m to‘lov to‘lash lozimligini, bu to‘lov to‘lanmasa, qayta tarmoqqa ulamasliklarini aytib, dalolatnomani onamga berib ketishgan. Uyga qaytganimizda onam sodir bo‘lgan voqeani aytib berdi. Lekin biz doim elektr hisoblagichning ishlashini nazorat qilib yurardik. Hisoblagich ishlamay qolishi mumkin emasdi. Men shuni aniq bilamanki, bu yerda MIB xodimlari onamning soddaligidan faydalangan va hisoblagichni tarmoqdan uzib, shitni muhrlab ketishgan. MIB xodimlari bu ishni «plandan» chiqish uchun qilishgan. O‘sha vaqtda menda ortiqcha pul yo‘qligi va shit muhrlangani uchun hisoblagichni ochib tekshirtira olmasdim. Qolaversa, o‘sha vaqti uyda tok bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Shu vaqtda elektr hisoblagich ishlamagan bo‘lishi mumkin. Buni ular tekshirib ko‘rishmagan», deydi u.
Murojaatchi ta'kidlaganidek, dalolatnoma ikki nusxada tuzilgan va haqiqatan ham biri imzolangan, bir imzolanmagan.
Xonadon egasi iddaosi yuzasidan MIB inspektori va mahalla raisidan izoh so‘raldi. Ular haqiqatan ham tok bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rishmaganini tan olishdi.
«Uch oydan ziyod vaqt o‘tdi. Qaramog‘imdagi nogiron ota-onam, turmush o‘rtog‘im, uch nafar voyaga yetmagan farzandim bilan (kattasi 5 yosh, o‘rtanchasi 3 yosh, kichigi 5 oylik) juda qiynaldik. Soliqdan ham, boshqa majburiy to‘lovlardan ham hech qanday qarzimiz yo‘q edi. Bizni nohaq elektr tarmog‘idan uzishdi», deydi Feruz Zokirov.
«2018 yilning 26 sentabrida hisoblagichni yoqtirish maqsadida MIB Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limiga bordim. MIB xodimi A.Mirshayev «Sening hisoblagiching kuygani uchun bizning xodimlar dalolatnoma tuzishgan», deb aytdi. E'tiroz bildirganimda, u elektrosetga borib, hisoblagichni lobaratoriya tekshiruvdan o‘tkazishimni, agar hisoblagich ishlayotgan bo‘lsa, barcha xarajatlarni dalolatnomani tuzgan xodimga to‘latishini aytdi. Shundan so‘ng men shu kuni elektrosetga bordim. Elektroset xodimlari Rahmatillo aka va uning yana bir sherigi bilan uyimga keldik. Ular hisoblagichni tekshirgan vaqtda hammasi joyida va hisoblagich ishlayotgan edi. Shundan so‘ng ular dalolatnoma asosida elektr hisobagichni laboratoriya tekshiruvi uchun olib berdi», deya davom etgan u.
Ushbu holatni Kattaqo‘rg‘on tumani «Elektr tarmoqlari» boshlig‘i Farhod Pirmatov ham o‘rganishimiz davomida tasdiqladi.
Shundan keyin F.Zokirov Samarqand shahriga kelib, tegishli idoradan elektr hisoblagichni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazadi. Unga elektr hisoblagich sozligi haqida hujjat — setifikat beriladi.
Demak, ushbu xulosaga ko‘ra, elektr hisoblagich soz holatda bo‘lgan.
«Men 5 oktabr kuni tuman MIB xodimi A.Mirshayevning oldiga kirib, hujjatlarni berdim. U hujjatlarni olib, mening hisoblagich ko‘rsatkichi bo‘yicha 417033 so‘m qarzim borligini aytdi. Keyin esa qayta ulash to‘lovini ham talab qildi. Men bu yerda aybim yo‘qligini, elektr hisoblagich soz holatda bo‘lganini, kim aybdor bo‘lsa, o‘sha odam xarajatlarni qoplashi lozimligini aytdim. Shunda Mirshayev meni boshlig‘i N.Turapovning oldiga jo‘natdi. Men boshliqning oldiga kirmoqchi bo‘ldim, ammo u qabul qilmadi va meni boshqa eshikka jo‘natishdi. Men o‘sha eshikka bordim, u yerda o‘tirganlarga hujjatlarni ko‘rsatib muammoni tushuntirdim, u yerdagilar meni pastki qavatga yubordilar. Men pastki qavatga tushib, muammoni aytgan edim, ular meni yana Mirshayevning oldiga jo‘natishdi. Xullas, o‘sha kuni ertalab soat 08:00dan soat 11:00gacha binoni aylanib yurdim, ammo muammo hal bo‘lmadi. Tepaga chiq, pastga tush, ana u eshikka bor, boshliqqa kir, bu eshikka bor. Boshqa gap bo‘lmadi», degan murojaatchi.
Ushbu masala yuzasidan o‘rganishimiz davomida ishtirok etgan MIB Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Ahmedov bilan suhbatlashdik.
«Ushbu holatni chuqur o‘rganib chiqamiz. Albatta, aybdor kimligini aniqlaymiz», degan u.
Holat shunday. Ajablanarlisi, bir oila uch yarim oydan buyon elektr energiyasi tarmog‘idan uzilgan holda, qiynalib yashasa-yu, birorta mutasaddi buning uchun qayg‘urmasa? Bu jarayonda ishtirok etgan mahalla raisi o‘zi mas'ul bo‘lgan mahalla fuqarosi muammosiga nega yechim izlamadi? Fuqaroga yaqindan ko‘mak berish o‘rniga, MIB xodimlari uni nega buncha sarson qildi?
Bu savollarga tegishli tashkilotlar va mutasaddilardan javob kutib qolamiz.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024