11:10 / 10.10.2018
21970

Rossiya harbiylari Liviyaga yuborilgani ma'lum bo‘ldi. U yerga nufuzli desant qismlari va GRU maxsus kuchlari jo‘natilgan

Foto: AFP

Rossiya maxsus topshiriqli kuchlarning «o‘nlab» jangchilari va Bosh shtab Bosh boshqarmasi (sobiq GRU) boshqa xodimlarini Liviyaga yuborgan. Bu haqda 8 oktabr kuni Britaniya hukumatidagi manbalarga tayanib, The Sun xabar tarqatdi.

Liviyadagi Rossiya kontingenti mamlakat sharqiy qismini nazorat qiluvchi feldmarshal Xalifa Xaftar uchun qo‘shinlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Rossiya Xaftar armiyasini qurol-yarog‘ bilan ta'minlaydi - xususan, «Kalibr» qanotli raketalari va S-300 zenit raketa komplekslari. Bundan tashqari, Liviya sharqida ikkita Rossiya harbiy bazasi joylashtirilgan. Ular Tobruk va Bengazi shaharlarida, O‘rta Yer dengizi sohillarida joylashgan hamda «Vagner» XHK nazoratida faoliyat yuritadi, deb xabar bermoqda The Sun.

Britaniya maxsus xizmatlari Rossiyaning Liviyadagi harbiy faolligi haqida bosh vazir Tereza Meyni ogohlantirishdi. Ularning fikriga ko‘ra, Moskva Afrika mamlakatini «yangi Suriyaga» aylantirmoqchi, deb yozadi The Sun. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya Liviya Yevropaga yo‘l oluvchi orqali noqonuniy muhojirlar oqimi va bu davlatdan neft yetkazib berishni nazorat ostiga olishi mumkin.

Rossiya harbiylarining Liviyadagi ishtiroki 9 oktabr kuni RBK’ning Rossiya Mudofaa vazirligi va Liviya hukumatiga yaqin manbalari tomonidan tasdiqlandi. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Liviyadagi manfaatlari neft-gaz sohasi bilan bog‘liq, feldmarshal Xaftar esa aslida Moskvaning ittifoqdoshi sanaladi. Mudofaa vazirligiga yaqin suhbatdoshning ma'lum qilishicha, oxirgi oylarda nufuzli desant bo‘linmalari Moskva oblastidan Liviya sharqiga yuborilgan.

Davlat dumasi mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yuriy Shvitkinning «RIA Novosti»ga ma'lum qilishicha, Liviyada rossiyalik harbiy xizmatchilar yo‘q; u The Sun’ning Rossiya Liviyani «yangi Suriyaga» aylantirmoqchi ekani haqidagi ma'lumotini xomxayol, deb atadi. O‘z navbatida, Rossiyaning Londondagi elchixonasi Moskva Liviyaga harbiy aralashuvni hech qachon rejalashtirmagani va bu mamlakatga qurol yetkazib berish bo‘yicha BMT embargosiga amal qilishi haqida xabar berdi.

Avvalroq, Rossiya armiyasining liviyalik feldmarshal Xalifa Xaftar bilan ehtimoliy aloqalari haqida xabar berilgan edi. 2017 yilning martida Reuters agentligi o‘z manbalariga tayangan holda Misr va Liviya o‘rtasidagi chegarada Rossiya maxsus topshiriqli kuchlari paydo bo‘lgani haqida xabar qilingandi. Agentlik taxminiga ko‘ra, 22 nafar harbiydan iborat otryad aynan Xaftarni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanilgan.

Mavzuga oid
Top