09:18 / 10.10.2018
8014

Vengriya Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan maxfiy ravishda biznes olib borayotganini aytdi

Foto: RIA Novosti

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning fikricha, Yevropa Ittifoqining Vengriyaga Rossiya bilan juda yaqin aloqalarga egaligi yuzasidan bildirayotgan ayblovlari asossizdir. Siyyarto bu haqda Der Standard nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan yaqin aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq buni sir tutadi. U bu so‘zlarining isboti sifatida Avstriya kansleri Sebastyan Kurtsning Vladimir Putin bilan tez-tez uchrashib turishini keltirdi. Ikki rahbar joriy yilda 4 marta uchrashishga ulgurishgan.

Bundan tashqari, Siyyarto Rossiya va Fransiya prezidentlari orasida ko‘plab telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lib turishini hamda Emmanuel Makronning Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forumga tashrifini ta'kidlab o‘tgan. Siyyartoning aytishicha, Moskvada energetika sohasidagi muzokaralarda Putin bilan bir stolda g‘arbning eng yirik 4 energetik konserni rahbarlari o‘tirganini ko‘rganda juda hayratlangan. 

“Shu sababli Vengriyani bunday tarzda ko‘rsatishlaridan charchadim. Gap shundaki, g‘arbiy yevropaliklar Rossiya bilan bizdan yaqinroq aloqaga ega. Farq shundaki, ular tashqi tomondan tortishuvlar ostida katta biznes olib borishayotganini yashirishga harakat qilishadi”, deb aytgan vengriyalik vazir.

Siyyarto Yevropa Ittifoqi noto‘g‘ri yo‘nalishdan ketayotganini aytgan. Uning fikricha, Yevrokomissiya tubdan o‘zgartirilishi lozim, chunki hozirgi tarkibida “ayanchli natijalar”ni ko‘rsatmoqda.

“2019 yilda Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar soni ilk bor kamayadi, avval barqaror bo‘lgan transatlanik munosabatlar juda mo‘rtlashib qoldi. O‘tgan 3 yil ichida YeIda 33 ta terakt sodir etildi, ular oqibatida 300 dan ko‘proq odam halok bo‘ldi. Bularning barchasi joriy komissiya muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan darak beradi,”, deb aytgan Siyyarto.

Top