Vodiy tomon kishilari sarlavhadagi iborani rosa kerak paytda ishlatishadi. «Puli kuygan qalampir chaynabdi». Bu gapning kelib chiqishi bir qiziqarli hikoya bilan bog‘liq.

«Aytishlaricha, tog‘lik cho‘ponlardan biri Andijon bozoriga tushib, mayda-chuyda xarid qilgach, qulupnay ham sotib oladi. Qarangki, uning tog‘dagi qishlog‘ida hech kim qulupnayni ko‘rmagan ekan. Shirin mevani yeb ko‘rgan cho‘ponning xotini undan qo‘shnisiga ham olib chiqadi. Qo‘shnining xotini esa eriga «Ozgina ekan, yeb to‘ymadik, siz ham olib keling» deya zorlanadi. Sodda va do‘lvor hamsoya cho‘pon tog‘dan shaharga tushganida, «qulupnay» nomini eslay olmay, savdogarlardan «mayda-mayda, shirin qizil meva berish»ni so‘raydi.

Qulupnay mavsumi tugagani uchun bozorchilar u meva yo‘qligini aytsalar ham qaysar cho‘pon meni aldashyapti deya o‘ylab, qalampirni ko‘rsatadi va «mana turibdi, sodda emasman!» deb juda katta pulga qalampir oladi. Uyga kelganida esa bu boshqa narsa ekani ma'lum bo‘ladi. Qaysar kishi puli kuyganiga achinib, achchig‘idan qalampir chaynagan ekan».

Hozirda bu iborani o‘zi naf bermaydigan narsani qaysarlik bilan ishlatgan va o‘z qilmishiga achingan kishiga nisbatan tagdor qilib aytadilar.

Afsuski, bugungi maqolada biz mazkur iborani to‘g‘ri ma'noda ishlatamiz.

Dehqonlar fe'li sodda keladi. Shuning uchun ular qalampir ekib, yetishtirish va uning orqasidan yaxshi daromad topish mumkinligi haqidagi loyihaga ishonishdi.

Andijon viloyatidagi dehqonlar ham yil boshida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi 62-sonli qarori ijrosini ta'minlash yo‘lida 1000 gektar yerga qalampir ko‘chatlari ekishgandi.

Shundan 500 gektar yerga Toshkent shahridagi «General Machinery Group» mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan achchiq qalampir ko‘chat yetkazib berish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgandi.

Mahsulotni xarid qilib, xorijga eksport qilishi belgilangan «Chiliuz» shartnomasiga ishonib, «Agrobank»dan kredit olgan dehqonlarga ko‘chatlar yetib keladi va fermer xo‘jaliklarida mo‘l hosil olish uchun harakat boshlanadi. Ko‘chati 100 so‘mdan olingan xorijiy nav hamda bir tupining narxi 60 so‘m bo‘lgan mahalliy nav Andijon yerlarida mashaqqatli mehnat evaziga zo‘r hosil beradi. Kuz kelgach, va'da qilgan xaridor mahsulotni olmasligini bilishganida, dehqonlar hayron qolishgandi.