O‘zbekiston | 08:54 / 11.10.2018
7618
4 daqiqa o‘qiladi

Soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimi joriy qilinadi

Foto: KUN.UZ

Davlat soliq qo‘mitasining "Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimi davlat soliq xizmati organlarida amaliyotga joriy etilgan “Tahlika-tahlil” dasturiy mahsuloti orqali tadbirkorlik sub'yektlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini avtomatik tarzda inson omili aralashmagan holda tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.

Dasturiy mahsulot xavfni tahlil etish tizimini davlat soliq organlaridagi mavjud ichki va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2012 yil 30 oktabrdagi PQ-1843-son “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati idoralari axborot-kommunikatsiya tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan tashqi ma'lumotlarga, veb sahifalari va ijtimoiy tarmoqlardan olingan axborotlarga asosan quyidagi yo‘nalishlarda:

tadbirkorlik sub'yektlarining shaxsiy kartochkalarida soliq qarzdorligi mavjudligini;

tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq majburiyatlarini bajarilishida soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha taqdim etilgan soliq hisobotlariga muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) qayta hisob-kitoblarning amalga oshirilganligini;

tadbirkorlik sub'yektlari hisobot davri mobaynida dastlab ro‘yxatga olingan yuridik manzilini bir hududdan boshqa bir hududga muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marta) o‘zgartirib borilganligini;

tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan o‘zlariga tegishli bo‘lmagan to‘lov terminallari bilan foydalanilganligini;

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan aynan bir tadbirkorlik sub'yekti faoliyatidan noroziligi haqidagi murojaatlarni va boshqa yo‘nalishlarni tahlil qiladi.

Dasturiy mahsulot mazkur tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini to‘liq tahlil qiladi hamda yakuniy natijalarni ballik tizim orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasini baholaydi.

Dasturiy mahsulot orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasini ballik tizimda baholash aniqlangan kamchiliklar summasi va holatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan dasturiy mahsulotdan shakllantirilgan soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasi tahlili chorak davomida bir marotaba har chorakdan keyingi oyning 25 sanasida o‘tkaziladi, bundan bankdan tashqari yirik miqdordagi pul aylanmalarni amalga oshirgan tadbirkorlik sub'yektlarini doimiy soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil qilish muddati mustasno.

Aniqlangan holatlar yuzasidan davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarida soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshirish o‘tkazishni kelishish to‘g‘risida prokuratura organlariga tashabbus bilan murojaat qilinadi.

Dasturiy mahsulot orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfining ballik tizimi natijalariga ko‘ra soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasi quyidagi uch toifaga bo‘linadi:

a) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari;
b) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rtacha bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari;
v) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid