Jamiyat | 23:05 / 16.10.2018
6413
6 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarning kommunal xizmat sohasidagi muammosi vazirlik tomonidan hal etildi

Joriy yilning sentabr oyida KUN.UZ tahririyatining “Ochiq muloqot” loyihasi doirasida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev bilan sohaga doir muammolar, ularning yechimi borasida olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida suhbat bo‘lib o‘tgan edi.

Ushbu suhbat oldidan fuqarolarga sohaga oid murojaatlari bo‘lsa yuborishlari, ushbu murojaatlar vazirning shaxsan o‘ziga topshirilishi haqida ma'lum qilingan edi. Shundan so‘ng, ayrim fuqarolar mazkur soha bo‘yicha o‘zlarida mavjud muammolar ko‘rsatilgan maktublar yo‘llay boshlashdi. Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, 13/19-uy fuqarolari nomidan kelgan murojaatda mazkur hududdagi ko‘p qavatli turar-joylarda issiq suv yo‘qligi, bu aholi turmushi tarzi uchun katta muammolar keltirib chiqarayotgani, mutasaddi tashkilotlarga qilingan murojaatlar besamar ketayotgani tilga olingan.

Mazkur masalaga vazirlik o‘z e'tiborini qaratdi, jumladan, quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu haqda taqdim etilgan ma'lumotda shunday deyiladi:

“Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li, 13/19 va 13/20–sonli ko‘p qavatli uylar 2017 yilga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeliga qarashli suv ta'minoti va binolarni saqlash distansiyasi” tasarrufida bo‘lgan qozonxona, Toshkent shahar hokimining 2017 yil 27 iyundagi 816-sonli qarori bilan o‘rnatilgan tartibda “Toshissiqquvvati” DUKka topshirilishi lozim bo‘lgan. Ammo o‘rnatilgan qozonxonadagi qozonlar ko‘lbola va hech qaysi texnik talablarga javob bermaganligi va faqat qish mavsumida xonadonlarni isitish uchun mo‘ljallangan bo‘lganligi, shuningdek, energoresurslarni hisobga olish uskunalari bo‘lmaganligi sababli qozonxona qabul qilinmagan. Barcha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha talablar “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” rahbariyatiga qiritilgan. Biroq bugungi kunga qadar ushbu kamchiliklar bartaraf etilmagan.

2018-2019 yillar kuz-qish mavsumida Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li, 13/19 va 13/20–sonli ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolarni uzluksiz issiqlik enregiyasi bilan ta'minlash maqsadida hamda kun.uz saytiga qilingan murojaatni inobatga olgan holda vazirlik tomonidan “Toshissiqquvvati” DUKka joriy yil issiqlik ta'minoti mavsumi boshlangunga qadar aniq chora-tadbirlar belgilab, aholini issiqlik energiyasi bilan ta'minlash bo‘yicha 2018 yil 7 sentabrdagi 05/01-3026-sonli ko‘rsatma berildi va amalga oshirilayotgan ishlar vazirlik tomonidan nazoratga olindi. Bugungi kunda talablarga javob beradigan qozon o‘rnatilib, gaz quvurlarini ulash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Bu borada Farg‘ona yo‘li 13/19 va 13/20–sonli ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi bilan tushuntirish ishlari amalga oshirildi”.

KUN.UZ’ga ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham “Toshissiqquvvati” DUK ishchi-xodimlari mazkur manzilga qozonxonalar olib kelib tushirishgan. Endilikda muhandislar yordamida ularni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Navbatdagi murojaatda shunday deyiladi:

“Assalomu alaykum. Men Jizzax viloyati, Sh.Rashidov tumani, “Kuyovboshi” mahallasida yashayman. Mahallamiz bu yili “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan va mahallamizda ichimlik suvini yaxshilash bo‘yicha barcha ishlar qilindi. Lekin suvni har bir uyga montaj qilishda hamma o‘z uyiga o‘zi montaj qilib olib kirdi. Shuning uchun ko‘p joylardan suv chiqib yotibdi. Kranlarda suv nomiga chiqadi. Savolim: Shuncha ish bo‘ldi, rahmat, lekin uylarga kiradigan suvni o‘zlari montaj qilsa bo‘lmasmidi? Shuncha ish bo‘lganidan so‘ng ham kranlarda suv jildirab chiqadimi?”.

Mazkur masala vazirlikning Jizzax viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilgan. Kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan - suv chiqib yotgan quvurlar ta'mirlanib, suv bosimi oshirilgan.

“Mazkur hududda bugungi kunda “Obod qishloq” dasturiga asosan 5,7 km ichimlik suvi tarmoqlarida qurilish ishlari yakunlangan va foydalanishga topshirilgan. Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan suv quvurlari va tarmoqlarining qurilishi iste'molchilarni yashash ko‘chasigacha olib kirilishi nazarda tutilgan. Har bir xonadonga ichimlik suvi quvurini ulab berish esa xonadon egalari o‘zlari amalga oshirishi belgilangan. Bu borada xonadon egalariga “Suvoqova” DUK mutaxassislari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi vazirlik tomonidan taqdim etilgan ma'lumotda.

Mavzuga oid