O‘zbekiston | 17:53 / 17.10.2018
4197
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro kongress ishtirokchilaridan iborat Turkiya delegatsiyasi Samarqandga tashrif buyurdi

Ijtimoiy fanlar bo‘yicha xalqaro kongress ishtirokchilaridan iborat Turkiya delegatsiyasi bugun Istanbul – Samarqand reysi bilan Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Samarqand viloyat hokimligida delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mehmonlarni ko‘hna shaharda qutlab, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turli jabhalarda tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlik aloqalarini e'tirof etdi.

Delegatsiya tarkibida tashrif buyurgan mehmonlar Turkiyaning buyuk millat majlisi raisi o‘rinbosari, III xalqaro kongress raisi Mustafo Shento‘p, kimyo va biokimyo fanlari bo‘yicha shimoliy Karolina universitetining professori, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar, Turkiya parlamenti deputati, Turkiyaning Buyuk millat majlisi qoshidagi «Turkiya – O‘zbekiston» parlamentlararo hamdo‘stlik guruhi rahbari Usom Mesten, Turkiya Respublikasi ombudsmani Sharif Molko‘ch, Makedoniya konstitutsion sudi a'zosi Solih Murot, Chorum viloyati gubernatorining birinchi o‘rinbosari Turxon Jandan, Chorum hokimi Zakiy Gul, Turkiya ta'lim vaziri maslahatchisi Nejib Fozil Kurt va 30 dan ortiq boshqa vakillar ikki mamlakatning barcha jabhalarda aloqalari kun sayin rivojlanib, aloqalar yanada mustahkamlanib borayotganligini ta'kidlashdi.

Uchrashuvda Turkiya fuqarolari uchun viza rejimining bekor qilinganligi, Samarqand – Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar sonining oshganligi, qolaversa, turizm sektori har ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega ekanligi ta'kidlanib, izchil va mushtarak asoslangan hamkorlik ikki tomonning manfaatlariga birdek javob berishi bildirildi.

Mehmonlarga Samarqand viloyat hokimi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ma'lumot o‘rnida: 17–21 oktabr kuni Buxoroda Ijtimoiy fanlar bo‘yicha III xalqaro kongress (International Congress on Social Sciences/INCSOS) bo‘lib o‘tadi. Unda jahonning 20 dan ortiq davlatidan 150 delegat ishtirok etishi kutilmoqda.

O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid