Jamiyat | 20:20 / 17.10.2018
29770
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada o‘zbekistonlik ayollar sudga tortilish hollari ko‘paymoqda

O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri o‘z sahifasida shunday post qoldirdi:

«O‘zbekistonlik kontrabandachilar!

Turkiyaga sigareta tashishni bas qilinglar! Sizlar Turkiya aeroportlarida sigareta bilan qo‘lga tushib charchamadilaring, lekin men sud materiallarini tarjima qilaverib charchadim!».

Bunday bitikning mohiyatiga yetish uchun post muallifini suhbatga tortdik.

– Turkiyada anchadan buyon tarjimonlik bilan shug‘ullanaman. Istanbul, Antaliya aeroportlarida yuz bergan holatlarga oid sud ishlari kelsa, bularning aksariyatidagi qahramonlar ayollar bo‘ladi va ular O‘zbekistondan Turkiya hududiga sigaret olib kirishga urinishadi. Ayniqsa, keksa yoshdagi onaxonlarning bu ish bilan shug‘ullanishlari juda achinarli va uyatli.

– Tarjima qilish nega kerak, sudlanuvchi tushunishi uchunmi?

– Sud qarorini sudlanuvchiga yetkazish uchun. Odatda kontrabanda fakti aniqlanishi bilan bu bilan shug‘ullangan shaxs deportatsiya qilib yuboriladi. Sud esa keyin bo‘lib o‘tadi. Turkiya vakolatli organlari O‘zbekistonga sud qarorini jo‘natadi, biznikilar uni sudlanuvchiga yetkazadi.

– Bunday hollarda sud qanday jazo qo‘llaydi?

– Deyarli har doim deportatsiya va jarima. Kontrabanda uchun jarima miqdori katta bo‘lmaydi, odatda 100 lira (15-20 dollar) atrofida. Lekin sudlov xarajatlari ham sudlanuvchidan undiriladi, bu bir necha ming liraga yetishi mumkin. Shuningdek, Turkiyadan badarg‘a qilinganlar ancha vaqt bu davlatga kirish huquqidan mahrum bo‘lishadi. Chemodanlarga joylashib, yuklar orasiga o‘tirib Turkiyaga kirishga urinishlar bejizga emas.

– Fuqarolarimiz yana qanday qonunbuzarliklarga ko‘p yo‘l qo‘yishadi?

– Ayollar orasida fohishabozlik ko‘p qayd qilinmoqda va bunday ayollar darhol mahkamaga tortilib, jazolanmoqda. Ular ham odatda jarima to‘laydi va deportatsiya qilinadi. Turkiya qonunlarida kichik muddatlilar shartli jazoga tortiladi, ya'ni qamoqqa jo‘natilmaydi.

– Asosan, Turkiyada ishlasangizda hozir O‘zbekistondasiz, ishingiz qanday davom etayapti?

– Internet zamonida yashayapmiz. Mening qayerda bo‘lishimning ahmiyati yo‘q, ishni bajarsam bas.

– Nega shaxsingiz sir tutilishini istadingiz?

– Shartnomamda sud ishlariga oid barcha ma'lumotlar sir saqlanishi shartligi ko‘rsatilgan. Men faqat mana shunday holatlar ko‘p kuzatilayotgani, yurtdoshlarimning turli jazolarga tortilayotganlaridan afsuslanib yozdim xolos. Imkonim borida millatdoshlarimizni, vatandoshlarimizni bunday ishlardan qaytishga chorlayman. O‘zga yurtda turli jazolarga tortilishni istamasangiz o‘sha davlat qonunlarini hurmat qiling.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid