O‘zbekiston | 11:25 / 18.10.2018
5112
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda xususiy tibbiyot rivojlantiriladi, zamonaviy tibbiyot markazi tashkil etiladi 

Foto: iStock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatida xususiy tibbiyot sohasini rivojlantirish va zamonaviy tibbiyot markazini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish maqsadida davlat aktivlarini sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 29 sentabrdagi PQ–3297-son qaroriga muvofiq Namangan viloyati, Namangan shahri, “Sihatgoh” mahalla fuqarolar yig‘ini, Chamanzor dahasi, 2d-uy manzilida joylashgan “Viloyat tibbiy diagnostika markazi” davlat unitar korxonasining bino va inshootlari faoliyat turini 10 yil mobaynida saqlash sharti bilan xususiylashtirilishi belgilangan bo‘lsa-da, mazkur obekt ommaviy savdolarda sotilmagan.

Namangan viloyati hokimligi va “Gold – dream” O‘zbekiston – Koreya qo‘shma korxonasi mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida Namangan shahrida umumiy qiymati 30,0 mln. AQSh dollari bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi hisobiga zamonaviy tibbiyot diagnostika markazini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Namangan viloyati hokimligining obektni “Gold – dream” MChJga zamonaviy xususiy tibbiyot markazini tashkil etish uchun investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

“Gold – dream” MChJga obekt doirasida investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonida quyidagi investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar yuklatiladi:

a) bir yil davomida o‘z mablag‘lari hamda jalb etiladigan xorijiy hamkorlarning mablag‘lari hisobiga 30,0 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali obektni rekonstruksiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar sotib olish hamda jihozlash;

b) obekt negizida zamonaviy 4 ta jarrohlik amaliyoti bo‘limi, 20 ta jonlantirish va 200 ta statsionar davolanish o‘rinlari, shuningdek, bakteriologik va gistologik tahlil laboratoriyalari xizmatini tashkil etish;

v) obekt ishga tushirilgan sanadan boshlab, 3 yil davomida respublika bo‘yicha kamida 5 000 nafar kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda barcha turdagi guruh nogironlariga beg‘araz tibbiy xizmat ko‘rsatish, shu jumladan kamida 200 ta jarrohlik amaliyotlarini bajarish;

g) kamida 150 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etish va 15 yil davomida faoliyat turini saqlab qolish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid