Sport | 22:10 / 19.10.2018
16742
20 daqiqa o‘qiladi

Italiyada derbi, Ispaniyada birinchi o‘rin uchun jang, Mourino iste'fo yoqasida. Hafta o‘yinlari anonsi

Terma jamoalar bilan bog‘liq yig‘inlar nihoyasiga yetdi va endi klublar noyabrdagi tanaffusga qadar yana bir marta zich va mas'uliyatli davrga qadam qo‘yishadi. Chigalyozdiga vaqt ham yo‘q, ertagayoq, hali quyosh botib ulgurmay, Angliya Premer Ligasi davridagi eng sovrindor ikki klub dueliga guvoh bo‘lamiz. O‘ziga xos futbol bayramini esa, yakshanba kuni Milan derbisi yakunlab beradi. Bu ikki superuchrashuvlar orasidagi vaqt ham futbollarga to‘laki, shulardan ba'zilariga alohida tuxtalib o‘tishni lozim topdik.

CheLSI – MANCheSTeR YuNAYTeD (20 oktabr, 16:30)

«Speyshl uan» laqabini aynan «Stemford Brij»da olgan Joze Mourino «MYu» murabbiyi sifatida to‘rtinchi marta bu yerga tashrif buyurmoqda. Har uchala o‘yin ham «Chelsi»ning g‘alabasi bilan yakunlangan va hali «MYu» Mourino qo‘l ostida «Chelsi» darvozasini «Old Trafford»dan boshqa stadionda ishg‘ol qila olmayapti. To‘rtinchi o‘yin sifatida «Uembli»da o‘tgan Angliya kubogi finalini ham qo‘shish mumkin – 0:4, 0:1, 0:1, 0:1.  

O‘tgan mavsumda kuchli to‘rtlik tashqarisida qolgan «Chelsi»ga nisbatan ishonch u qadar yuqori emasdi. Chempionlar Ligasida qatnashmaydigan jamoaga xos tarzda kamtarona transfer siyosati, hamda avvalgi murabbiylardan farqli uslubga ega bo‘lgan yangi murabbiy... Bunday shartlarda yana yuqori o‘rinlarga qaytish uchun birmuncha vaqt talab etilardi. Ammo hozirda «Chelsi» juda ishonchli ko‘rinmoqda, APLda mag‘lubiyatga uchramay, turnir jadvali yuqorisidagi uch klubdan biri bo‘lib turibdi. Aksincha, nihoyat chempionlik uchun raqobat kutilgan «Manchester Yunayted»da muammolar ko‘payib bormoqda va Joze Mourino deyarli iste'fo yoqasiga kelib bo‘ldi. Hatto ba'zi nashrlar mabodo «Manchester Yunayted» «Stemford»da mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, Mourino lavozimini tark etishi mumkinligini yoza boshladi.

Bunday sharoitda «MYu» uchun eng noqulay raqib Angliyada bitta bo‘lsa, u ham «Chelsi». Ayniqsa, Abramovichdan buyog‘iga manchesterliklar bilan o‘zaro o‘yinlarda ustunlikka ega bo‘lgan yagona jamoa ham aynan «Chelsi»dir. Ayniqsa, «Stemford Brij»da manchesterliklar doim qiyinchiliklarga duch keladi. Bu stadionda «iblislar» oxirgi marta 2012 yilning kuzida, Aleks Fergyusonning so‘nggi mavsumida g‘alaba qozongandi. Shundan buyon «Chelsi» «MYu»ni doimiy ravishda yutib keldi, to‘rt marta kuboklardan chiqarib yubordi. Faqatgina Lui van Gaal paytida bir marta «MYu» Londonda g‘alabaga yaqin kelgan, ammo so‘nggi daqiqalarda mezbonlar hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqqandi.

Aytgancha, o‘sha Lui van Gaal ham iste'fo yoqasiga kelib qolganda, raqib «Chelsi» bo‘lgan va rahbariyat murabbiyga so‘nggi imkonni berishgandi. «Old Trafford»dagi o‘yinda hisob ochilmagan bo‘lsa-da, o‘sha o‘yinda mezbonlar ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatganliklari bois, murabbiy yana ma'lum vaqtgacha boshqaruvda qolgandi. 

Uchrashuvning terma jamoalar yig‘inlaridan keyin o‘tkazilayotgani qaysidir ma'noda mehmonlarning imkoniyatini oshirish mumkin. Chunki, Sarri jamoasi juda yaxshi formaga kirib olgandi, «Manchester Yunayted» esa, muammolarini to‘liq hal qilib ulgurmagandi. Tanaffus har ikki jamoadai tendensiya o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Boshqa tarafdan, tarkibdagi jarohatlar borasida Mourino qiyin ahvolda qolgan. Lingard, Errera, Roho, Shou, Maktominay kabi futbolchilar jarohat olishgan. Nemanya Matichning maydonga tushishi ham so‘roq ostida. Terma jamoa yig‘inlarini erta tark etgan Marvon Fellayni borasida ham shubha bor edi, ammo Belgiya terma jamoasi ustozi yarimhimoyachining shanba kungi o‘yinga tayyor holatda bo‘lishini aytib o‘tdi. Mezbonlar tarkibida esa, birgina Antonio Ryudigerning maydonga tushishi ehtimoli past.

Bu o‘yindan uch kun o‘tib, «Manchester Yunayted» Chempionlar Ligasida «Yuventus»ga qarshi o‘ynaydi. O‘tgan o‘yinda «Valensiya» bilan durang o‘ynab, vaziyatni biroz qiyinlashtirgan Joze Mourinoning xayoli qisman narigi o‘yinda ham bo‘lishi mumkin.

VOLFSBURG – BAVARIYa (20 oktabr, 18:30)

Endi «Bavariya»ning har bir o‘yiniga e'tibor qarataverish kerak. Chunki so‘nggi o‘yinlarda ochko yo‘qotib, nafaqat peshqadamlikni boy bergan, balki oltinchi o‘ringa tushib ketgan «Bavariya» endi g‘alaba qozonmagan sari yetakchilardan oradagi farq oshib boraveradi. Bu esa, Bundesligada intriga demakdir.

Kovach jamoasi uch o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti. «Ausburg»dan o‘z maydonidagi durang, keyin Berlindagi mag‘lubiyatni vaqtinchalik omadsizlikka yo‘ygan eng optimist muxlislar ham o‘tgan turda menxengladbaxliklardan qabul qilingan yirik mag‘lubiyatdan so‘ng, til tishlashdi. Orada Chempionlar Ligasida «Ayaks» bilan ham nursiz o‘yin bo‘lib o‘tdi. Jamoa yetakchilari o‘zini ko‘rsata olmayapti – masalan, Levandovski Bundesligada oxirgi marta o‘yindan 1 sentabr kuni gol urgandi. Keyingi besh turda u faqat bir marta penaltidan raqib darvozasini ishg‘ol qildi xolos. Yangi murabbiy Niko Kovachning kursisi qimirlab qolyapti va matbuot har hafta tinmay turli yangi nomzodlarni e'lon qilib borishmoqda. Har qancha sabrli bo‘lishmasin, «Bavariya» rahbarlari Kovachga so‘nggi imkoniyat berayotgan bo‘lishlari mumkin.

«Volfsburg» yangi asrda chempionlikni «Bavariya»dan tortib ololgan kam sonli jamoalardan biri. O‘zaro o‘yinlarda statistika katta farq bilan «bo‘rilar» orqada bo‘lishsa-da (so‘nggi 22 o‘yinda atigi 1 g‘alaba), o‘tgan mavsum sal boshqacha kechdi. Volfsburgdagi o‘yinda mezbonlar hisobni ochishgan va faqat so‘nggi daqiqadagi g‘alaba goli evaziga «Bavariya» g‘alaba qozongan bo‘lsa, Myunxendagi bahsda mehmonlar iroda ko‘rsatgandilar. «Bavariya» 2:0 hisobida oldinga chiqib olgach, ikkinchi bo‘limda «Volfsburg» burilish yasab, hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqqandi.

Joriy mavsumda «bo‘rilar»ning ham ahvoli yaxshi emas. Dastlabki ikki turni g‘alaba bilan yakunlagan Labbadia shogirdlari keyingi besh o‘yinda g‘alaba qozona olmadi. Bunday pasayishga, albatta, jarohatlar juda ko‘payib ketgani ham ta'sir ko‘rsatdi – hozirda tarkibning 9 nafar a'zosi turli darajadagi jarohatlar tufayli jamoaga yordam bera olmayapti. Ular ichida Mehmedi, Bruma, Jilavogi, Knox kabi yetakchi futbolchilar ham bor. Sanalganlar ichida faqat Mehmedi mashg‘ulotlarga qaytdi va balki ertangi o‘yinda maydonga tushishi mumkin.

Myunxenliklar jamoasi safida esa, Goretska va Boateng kabi futbolchilar umumiy guruhda shug‘ullanishni boshladilar. Ammo David Alabaning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. 

VeST HEM – TOTTeNHEM (20 oktabr, 19:00)

Uch sabab bilan bu o‘yinni e'tibordan chetda qoldirmay, tomosha qilishni tavsiya qilish mumkin. Birinchidan, uchrashuv London derbisi maqomida, har qanday derbi singari juda qiziqarli o‘tishi shubhasiz. 

Ikkinchidan, «Vest Hem» bu mavsumda 8 o‘yindan atigi 7 ochko olgan bo‘lsa-da, kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda yaxshiroq  harakat qilgan. 4 ochko «Chelsi» va «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlarda olingan. Yana bir g‘alaba esa, APLning yettinchi jamoasi sanalgan «Everton» ustidan safarda qo‘lga kiritilgan. Demak, «Vest Hem» o‘z maydonida Pochettino jamoasiga yetarlicha tashvish tug‘dirishini kutsak bo‘ladi.

Uchinchidan, «Vest Hem» aynan «Tottenhem»ga qarshi o‘yinlarda ham kuchli o‘ynaydi va hatto so‘nggi mavsumlarda ijobiy ko‘rsatkichga ham ega: so‘nggi 16 o‘yindan 7 g‘alaba va 6 mag‘lubiyat. «Vest Hem» mezbonlik qilgan so‘nggi besh o‘yinning uchtasida aynan mezbonlar g‘alaba qozongan. Roppa-rosa bir yil oldin, 26 oktabr kuni «Vest Hem» 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, «Tottenhem»ni Liga kubogidan chiqarib yuborgandi. Jamoa tarkibidagi Yarmolenko, Arnautovich, Sabaleta, Anderson kabi futbolchilar bilan har qanday raqibga qarshilik qila oladi. 

Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus «Tottenhem»ning joniga oro kirgani tabiiy. Jamoa bir qator yetakchilardan jarohatlar tufayli ayrilib qolgandi. Ulardan Musa Dembele va Kristian Eriksen mashg‘ulotlarni boshlashdi va balki derbida jamoaga yordam berishlari mumkin. Dele Allining qaytishi esa, shu oyning oxiriga mo‘ljallangan.

Chempionlar Ligasida «Tottenhem» ikki o‘yinni mag‘lubiyat bilan tugatdi va endi guruhdan chiqish uchun asosiy raqiblaridan 6 ochkoga ortda qolib ketdi. «PSV»ga qarshi o‘yinlar londonliklarga kurashga qaytish imkonini beradi. Pochettino ba'zi yetakchi futbolchilarini keyingi hafta o‘rtasidagi yevrokubok o‘yiniga ham asrashga harakat qilishi mumkin.

VILYaReAL – ATLeTIKO (20 oktabr, 21:30)

Bir-biriga o‘xshamaydigan uslubi bilan La Ligada muvaffaqiyatli to‘p suradigan ikki jamoaning bahsi juda qiziqarli kechsa kerak. Jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvlarida ham deyarli tenglikni ko‘ramiz. Oxirgi yetti mavsumda 6 marotaba «Vilyarreal» zafar quchgan bo‘lsa, 5 marta «Atletiko»ning qo‘li baland kelgan. Vilyarrealda bo‘lib o‘tgan so‘nggi uch o‘yinda mezbonlar uch ochko egasiga aylangan. Ya'ni, «sariq submarinalar» hozir Ispaniya chempionatida har qancha ishonchsiz ko‘rinishmasin, «Atletiko» bilan doim yaxshi o‘ynagan.

«Atletiko» mavsumni biroz qiyinchiliklar bilan boshlagan bo‘lsa-da, keyin o‘ziga kelib oldi. So‘nggi 6 o‘yinda 5 g‘alaba va bir durang. Durang ham «Santyago Bernabeu»da amalga oshgan. Bu o‘yinlarda «Atletiko» atigi 2 marotaba o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi. Ya'ni, o‘sha biz bilgan «Atletiko»...

Tarkiblar borasida, kichik tanaffusdan so‘ng, Diyego Kosta bu o‘yinda safga qaytishi mumkin. Shuningdek, markaziy himoyachilar Ximenes va Savich ham shug‘ullanishni boshlashdi. Ya'ni, tarkib borasida Simeoneda muammo yo‘q. Chempionlar Ligasidagi ikki g‘alaba ham madridliklarning bor e'tiborini aynan shu o‘yinga, La Ligaga qaratish uchun imkon beradi. Mezbonlar tarkibida esa, yetakchi futbolchilardan biri Bruno Soriano shu yilning fevral oyida olgan og‘ir jarohatidan so‘ng, tarkibga qaytishi kutilyapti.

Darvoqe, mezbonlarning ushbu mavsumdagi yana bir salbiy ko‘rsatkichini aytib o‘tish kerak. «Vilyarreal» yangi mavsumda hali o‘z stadionida g‘alaba qozongani yo‘q. Ispaniya chempionatidagi har ikki g‘alaba safar o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, Yevropa Ligasidagi hozircha yagona uy uchrashuvida durang qayd etilgan.

BARSeLONA – SeVILYa (20 oktabr, 23:45)

Navbatdagi sakkiz kun «Barselona» muxlislari uchun juda qiziqarli, balki jamoa uchun biroz og‘ir kechadi. Bu o‘yindan uch kun o‘tib, yana «Kamp Nou»da jamoa Yevropa Chempionlar Ligasi doirasida «Inter»ga qarshi o‘yinini o‘tkazadi. Keyingi hafta oxirida esa, El Klassiko guvohi bo‘lamiz. Bu o‘yin ham «Kamp Nou»da bo‘lib o‘tadi.

Statistikaga qarasak, «Sevilya»ning Barselonaga mehmon bo‘lishini katta voqea sifatida tilga olish shart emasdek. Axir andalusiyaliklar bu stadionda oxirgi marta 2011 yilda ochko olib ketishgan, o‘shanda ham o‘yin 0:0 hisobida tugagan xolos. So‘nggi daqiqada Messi tomonidan noaniq amalga oshirilgan penaltini «Barselona» muxlislari juda yaxshi eslashsa kerak. Shundan buyon «Sevilya» «Kamp Nou»da u qadar qarshilik qila olmaydi, umuman barcha musobaqalardagi barcha o‘yinlarda atigi ikki durang va bir g‘alaba qayd etilgan, boshqa o‘yinlarda kataloniyaliklarning qo‘li baland kelgan.

Ammo bu safar boshqacharoq bo‘lishi ham mumkin. «Sevilya» Ispaniya grandlarining so‘nggi turlardagi muvaffaqiyatsizliklaridan yaxshi foydalandi va qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba qozonib, turnir peshqadamiga aylanib oldi. Bu g‘alabalar ichida «Real» ustidan qozonilgan yirik zafar ham bor. «Barselona» esa, aksincha, mana shu 4 turni yaxshi o‘tkaza olmadi. Ikki durang va ikki mag‘lubiyat bilan 10 ochko yo‘qotildi. Valverde jamoasi oxirgi marta 2 sentabr kuni «Ueska» ustidan 8:2 hisobida g‘alaba qozongandi, shundan keyin o‘tkazilgan ikki uy o‘yinida durang qayd etildi. Faqat parallel tarzda «Real»ning yoki mavsum boshida «Atletiko»da kuzatilgan omadsizliklar «Barselona»ni 2-o‘rinda qolishini kafolatladi. O‘zaro o‘yindagi g‘alaba evaziga ular yana 1-o‘ringa ko‘tarilib olishlari mumkin.

Lekin yetakchi legionerlar Lotin Amerikasidan bo‘lgani sababli, an'anaviy tarzda terma jamoalar bilan bog‘liq yig‘inlardan keyingi o‘yinlarni «Barselona» biroz bo‘sh o‘tkazishi mehmonlarga qo‘l kelishi ham mumkin.

«Barselona» tarkibida Umtitidan boshqa hamma sog‘-salomat, so‘nggi o‘yinlarni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan Serjio Roberto ham safga qaytdi. Ammo London va Valensiyadagi o‘yinlarda o‘ng qanot himoyasida Semedu juda yaxshi harakat qilayotganini ta'kidlash kerak. «Sevilya» tarkibida esa, bir qator yetakchi futbolchilar jarohatlaridan forig‘ bo‘lishdi. Gabriyel Merkado, Maksim Gonalon, hamda Serxio Eskudero umumiy guruhda shug‘ullanmoqda.

INTeR – MILAN (21 oktabr, 23:30)

Kelasi hafta Chempionlar Ligasi o‘yinlari borligi sababli, top-klublar o‘z o‘yinlarini shanba kuni o‘tkazishadi. Ammo futbol muxlislari uchun yakshanba ham mazmunli o‘tishi aniq, zero shu kuni bizni Yevropaning eng qo‘hna va mashhur derbilaridan biri kutib turibdi. Necha yildan beri eski darajaga qaytishga harakat qilayotgan, yetarlicha pul ham sarflayotgan, o‘tgan mavsumlar biroz o‘xshamagan bo‘lsa-da, yana o‘z o‘yinini topib borayotgan Milanning ikki jamoasi orani ochiq qiladi.

Bu yil o‘ta barqaror va kuchli «Yuventus»ga raqobat qilish oson emas, ammo Milan klublari YeChL yo‘llanmasini beradigan yetakchi o‘rinlar uchun asosiy da'vogardirlar. «Milan»ning turnir jadvali o‘rtalarida borayotgani ham chalg‘itmasin. «Milan» 1-turda faqatgina «Napoli»ning irodasi tufayli boy berilgan o‘yindan beri hali mag‘lubiyat nimaligini bilishmayapti, so‘nggi uch o‘yinda esa, g‘alabaga erishildi.

«Inter»ning seriyasi yanada kuchliroq – Spalletti jamoasi oxirgi 6 o‘yinda g‘alaba qozondi. Bu g‘alabalarning ikkitasi Chempionlar Ligasida amalga oshdi, ayniqsa, «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alaba «Inter»ning yana katta futbolga qaytayotganidan darak beradi. Shuningdek, bu g‘alabalarda «Inter»ning irodasiga qoyil qolish kerak. Olti o‘yindan beshtasida «Inter» minimal hisobda g‘alaba qozondi va mana shu besh o‘yinda ham, g‘alaba goli so‘nggi 15 daqiqalikda kiritildi. Bu o‘yinlarning uchtasida «Inter» hisobda ortda borayotgandi. Bu shundan darak beradiki, Milan derbisida bo‘lishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatsiz start ham «Inter»ni sindirmaydi, jamoa bunday holatlar uchun ham tayyor.

«Inter» tarkibida Danilo D‘Ambrozio, Marselo Brozovich, Sim Vrsalkoning maydonga tushishlari so‘roq ostida. Himoyachilar mashg‘ulotlarga kirishishgan bo‘lishsa-da, muhim o‘yinda asosiy tarkibda harakat qiladigan darajada formada bo‘lmasliklari mumkin. «Milan» safida esa, iqtidorli hujumchi Patrik Kutrone o‘yinga tayyor emas. Shuningdek, Romanoli, Konti va Kaldara kabi futbolchilar to‘liq tiklanib ulgurganlari yo‘q.

Shu yilning aprel oyida shu stadionda o‘tgan uchrashuvda hisob ochilmagandi. «Inter» mezbon sanalgan birinchi davradagi o‘yinda, ya'ni 2017 yilning 31 oktabrida «ko‘k-qoralar» ustun kelgan. O‘yin taqdirini 90-daqiqada Ikardi tomonidan aniq amalga oshirilgan penalti hal qilgandi.  

BOShQA O‘YINLAR

20 oktabr. «ReAL» – «Levante» (16:00), «ROMA» – SPAL (18:00), «Shtutgart» – «BORUSSIYa» D (18:30), «MANCheSTeR SITI» – «Byornli» (19:00), «PSJ» – «Amen» (20:00), «YuVeNTUS» – «JYeNOA» (21:00), «Haddersfild» – «LIVeRPUL» (21:30), «Udineze» – «NAPOLI» (23:30).

22 oktabr. «ARSeNAL» – «Lester» (23:55)

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid