Jahon | 20:50 / 19.10.2018
28854
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidentining samolyoti eskirgan. Yangi samolyot sovg‘a qilinishini kutishmoqda

Qirg‘iziston fuqarolik aviatsiyasi agentligi vakili Alimbay Abakirov mamlakat rahbariga yana yangi samolyot sovg‘a qilishlariga umid bildirdi.

U hozirda Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov uchun xizmat qilayotgan Tu-154M samolyoti uchishga yaroqli bo‘lsada, uni almashtirish vaqti kelganini qayd etib o‘tgan. Bu samolyot 1993 yilda ishlab chiqarilgan. Uni 2006 yilda Vladimir Putin Qirg‘izistonning o‘sha vaqtdagi prezidenti Kurmanbek Bakiyevga sovg‘a qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi samolyot 80-100 million dollar atrofida turadi, respublika byudjyeti esa buni ko‘tarmaydi.

«Hozirgi №1 bort 10-12 yil muqaddam Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan sovg‘a qilingandi. Umid qilamizki, yana sovg‘a qilishadi... Lekin bu bizning vakolatimizda emas», degan Abakirov.

18 oktabr kuni Jogorku Kenesh (parlament) deputati Taabaldi Tillayev prezident Jeenbekov uchayotgan №1 borti uchun uyalishini aytib o‘tgandi.

«Bu samolyotni Rossiya sovg‘a qilgandi. Biz hozir Turkiya bilan yaxshi aloqalardamiz... Prezident bu masalani ko‘tarishi mumkin. U fuqarolar bilan oddiy reyslarda uchmoqda. Biz bundan xursand bo‘lmasligimiz kerak. Uning xavfsizligi haqida o‘ylashimiz kerak», — deya Tillayevdan iqtibos keltirgan 24.kg.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov AQShga oddiy reyslarda borib kelgandi.

Mavzuga oid