Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov AQShga oddiy reyslarda borib kelgani haqida xabarlar tarqaldi.
Qirg‘iziston prezidenti BMT Bosh assambleyasining Nyu-Yorkdagi sessiyasida ishtirok etib qaytdi.
Siyosatshunos Temirlan Sarlikbek o‘g‘li samolyot bortida prezident bilan selfi qildi va u o‘zining oddiyligi bilan barchani hayratga solganini ta'kidladi.
Jeenbekov bilan selfisini Qirg‘iziston Qizil yarim oy Milliy jamiyati prezidenti Azamat Bayalinov ham internetga joyladi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, avvalroq Sooronbay Jeenbekov Moskva va O‘shga ham xuddi shunday reys bilan parvoz qilgan.
Bu mamlakat prezidenti oddiy reysda parvoz qilgan yagona holat emas. Ayrim Yevropa davlatlari rahbarlarining yo‘lovchi samolyotlarda safarga borib-kelishlari tez-tez kuzatiladi.
Masalan, shu yilning sentabr oyi boshida Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Londondan Kiyevga British Airways samolyotida uchib kelgandi. U Jon Makkeynning ta'ziya marosimida ishtirok etib, AQShdan qaytayotgan bo‘lgan.
Rossiyada shu yilning yozida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionati chorak final o‘yinini tomosha qilish uchun Xorvatiya prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich Zagrebdan Sochiga oddiy charter reysda bir guruh futbol ishqibozlari bilan keldi.
«Bu hukumat samolyotida uchishdan ikki baravar arzonga tushadi», – dedi u va oddiy samolyotda uchishning hech qanday g‘ayritabiiy joyi yo‘qligini aytdi. Xorvatiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Italiya va Eronga ham oddiy yo‘lovchi samolyotida uchib borgan.
Ana shunday tejamkor prezidentlardan yana biri Moldova prezidenti Igor Dodondir. U Moskva, Bishkek va Bryussel shaharlariga tashriflarini oddiy ekonom toifasidagi reyslarda amalga oshirgan.




















