Jamiyat | 10:36 / 19.10.2018
3225
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda Xalqaro baxshichilik san'ati festivali o‘tkaziladi

Foto: folklore.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida prezidentning «Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining 2019 yilning 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini hamda festival doirasida “Baxshichilik san'atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish va ushbu festivalni har ikki yilda bir marotaba tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Surxondaryo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mas'ul etib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat vazirligiga festivalga xorijiy davlatlardan taniqli folklorshunos olimlar, baxshi, shoir, oqin va jirovlar, ijodiy jamoalar, mutaxassislar va faxriy mehmonlarni taklif etishda amaliy yordam ko‘rsatadi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Termiz shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, festival o‘tkaziladigan sahna maydonlari va zallar talab darajasida tayyorlanishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi festivalning tantanali ochilish marosimini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda tayyorlash uchun yuksak profesional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, bastakorlar va baleytmestrlar, sahna rassomlari, iste'dodli yosh san'atkorlarni keng jalb etilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Cavdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:

festival doirasida Termiz shahridagi Surxondaryo san'at saroyi maydonining yon atrofida baxshichilik san'atiga oid turli ko‘rgazmalar, qadim folklor cholg‘ular va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san'at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi
va ularning sotuvi tashkil etilishini;

festival dasturini ishlab chiqish va uning festivaldan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishi, Internet jahon axborot tarmog‘i
va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini ta'minlaydi;

festival veb-saytini tayyorlaydi, uni internet tarmog‘iga joylashtiradi hamda muntazam ravishda yangiliklar, fotosuratlar, audio va video materiallar bilan yangilab boradi.

Belgilab qo‘yilishicha, festivalni tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi, Surxondaryo viloyati mahalliy byudjyeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda hamda homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid